2025-yilning yanvar-may oylarida IT Park Uzbekistan rezidentlari soni 636 taga ko‘paydi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan 369 rezident Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 267 ta kompaniya O‘zbekiston hududlarida faoliyat yuritmoqda.
IT Park’ning 284 nafar yangi rezidenti, shu jumladan 117 ta xorijiy korxona xorijga xizmatlarni eksport qilishni rejalashtirmoqda. Toshkentdan ishlaydigan eksportchilar $46 mlndan ortiq, hududiy kompaniyalar esa $31 mlndan ortiq eksport tushumini kutmoqda.
Yangi kompaniyalar asosan quyidagi to‘rtta asosiy sektorda joylashgan:
- IT-xizmatlar — 142 ta kompaniya, shundan 72 tasi xorij ishtirokida;
- BPO (biznes jarayonlari autsorsingi) — 87 ta kompaniya, shu jumladan 19 ta xorijiy kompaniya;
- Xizmat ko‘rsatish yechimlari — 33 ta kompaniya, shu jumladan 16 ta xorijiy kompaniya;
- O‘yinlarni ishlab chiqish va ijodiy sanoat — 22 ta kompaniya, ulardan 10 tasi xorijiy kapital ishtirokida.
Besh oy ichida IT Park’ga xorijiy kapital ishtirokidagi 164 ta kompaniya qo‘shildi. Texnopark geografiyasi 61 mamlakatga, jumladan, yangi davlatlar — Iordaniya, Gonkong, Indoneziya, Lixtenshteyn, Yangi Zelandiya va Norvegiyaga kengaydi.
Yaponiya rezident kompaniyalari soni ikki barobarga, Xitoy — 71% ga, Turkiya — 133% ga, Ozarbayjon — 67% ga oshdi.
May oyida 116 ta yangi kompaniya IT Park rezidentiga aylandi va ishtirokchilarning umumiy soni 2846 taga yetdi. Shundan 51 tasi eksportga yo‘naltirilgan, 22 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir.
Yangi xorijiy rezidentlar orasida AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Iordaniya, Ruminiya, Ispaniya, Eron va Pokiston kompaniyalari bor.
Shuningdek, yangi rezidentlarning biznes faoliyati quyidagicha taqsimlangan:
- 23 ta kompaniya BPO va tegishli xizmatlar sohasida ishlaydi;
- 17 tasi IT-mahsulotlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan;
- 7 tasi IT xizmatlarini taqdim etadi;
- 4 ta kompaniya kreativ sohalarda faoliyat yuritadi.
May oyida IT Park hududiy filiallarida 17 ta kompaniya eksportga yo‘naltirilgan rezident maqomini oldi, ulardan 7 tasi xorijiy kapitalga ega. Kelgusida yangi kompaniyalar 235 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishi va $2,6 mlndan ortiq eksportni ta’minlashi kutilmoqda.
IT Park yaqinda rezident maqomini olgan bir qator xorijiy kompaniyalarni sanab o‘tadi: Osystems (Ispaniya va Iordaniya), Fortis Instruments South (Fransiya), Hucorp Global (Janubiy Koreya), Euroanswer (Ruminiya), Unitlab AI (AQSh).
Avvalroq madaniyat va san’at sohasidagi startaplarga 37,5 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi haqida xabar berilgandi. Sohada sun’iy intellektdan va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha Ijodiy texnolaboratoriya tashkil etiladi.