2024-yilda ko‘chmas mulk bozorida talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda Markaziy bankning o‘tgan yil bo‘yicha moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan.

Uy-joylarning bozor va fundamental (“adolatli”) qiymati o‘rtasidagi tafovutning qisqarishi shundan dalolat beradi. Agar birinchi chorakda ko‘rsatkich 205 ga yaqinlashgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib 15% lik ko‘rsatkichdan pastga tushdi va o‘rtacha yillik ko‘rsatkich 17% atrofida shakllandi.

O‘tgan yilning birinchi choragida keskin o‘sish va ikkinchi choragidagi biroz o‘sishdan so‘ng, kvadrat metrning o‘rtacha bozor narxi deyarli o‘zgarmadi. Shu bilan birga, fundamental qiymat o‘sishda davom etdi.

ko‘chmas mulk, markaziy bank, turar-joy, uy-joy

Mutaxassislar ipoteka kreditlari shartlarining qat’iylashtirilishi natijasida yuzaga kelgan “uy-joy sotib olish imkoniyatlarini optimallashtirish"ni tafovutni qisqartirishning asosiy omillaridan biri deb hisoblamoqda. Banklar ko‘chmas mulk sotib olish uchun qarzlar bo‘yicha stavkalarni oshiradi va to‘lov muddatlarini qisqartiradi, bu esa ularga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishini anglatadi.

Shunday qilib, ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,8% ga (+0,5%) yetdi, ikkinchi chorakda esa 20% ni tashkil etdi. Ipotekani to‘lashning o‘rtacha muddati yarim yildan ko‘proqqa — 16,6 yilgacha qisqardi. Shu bilan birga, kreditning o‘rtacha miqdori 291 mln so‘mgacha oshdi.

Ipoteka bo‘yicha oylik to‘lov o‘rtacha 44% ga oshdi. Natijada, nominal ish haqi (+17%) o‘sishiga qaramay, uy-joy xarid qilish qobiliyati indeksi 27% ga kamaydi.

Yangi ipoteka kreditlari berilishining qisqarishi natijasida ko‘chmas mulk bozoridagi faollik kamaydi. 2024-yilda uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha 329 mingta shartnoma rasmiylashtirilgan — bu 2023-yilga nisbatan 2,2% ga kam.

Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozorida mavjud takliflar hajmining oshishi kuzatilmoqda. Bunday sharoitda so‘mdagi uy-joy narxi indeksi 2024-yilning ikkinchi yarmida pasaygan bo‘lsa, valyutadagi indeks ikkinchi chorakdan boshlab kamayib bordi va yil yakuniga kelib, yil boshiga nisbatan 1,7% ga pasaydi.

Banklarning kredit portfelida ipoteka kreditlarining ulushi o‘tgan yil oxirida 13% ni, birinchi darajali kapitalga nisbatan esa 19% ni tashkil etdi. Garchi bir nechta banklarda asosiy kapitalning ipoteka qoldiqlariga nisbatan yetarli emasligi kuzatilsa-da, tizimli ahamiyatga ega banklar o‘rtachadan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, bu xatarlarni kamaytiradi.

Avvalroq Toshkentda uy-joylar daromadliligi bir yilda 4 barobardan ko‘proqqa kamaygani haqida xabar berilgandi. Hozir bu ko‘rsatkich xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavkaga deyarli yaqinlashgan.