Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Sangardak yirik sayyohlik markazining qurilishi boshlanganini viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Umumiy qiymati 913,3 mlrd so‘mlik loyiha 615 gektar maydonni qamrab olgan bo‘lib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga kelib, 1,6 kilometr uzunlikdagi arqonli yo‘lning tayanch ustunlarini o‘rnatish va boshlang‘ich nuqtasini jihozlash ishlari yakuniga yetkazildi.
Bundan tashqari, majmuada “zip-line” va piknik hududlari, sanatoriy, madaniy-ko‘ngilochar klaster, shuningdek:
- 20 dan ortiq restoran, kafe va barlar;
- 296 ta savdo shoxobchasi;
- 6 ta mehmonxona (shundan 2 tasi besh yulduzli);
- 10 ta mehmon uyi.
Qurilish ishlari bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham tanishdi. Sangardak loyihasi ijrosi, Nilu mahallasini turizm qishlog‘iga aylantirish rejalari bilan tanishdi.
Tashrif chog‘ida loyihalar xalqaro standartlar asosida, sifat va samaradorlikka e’tibor qaratgan holda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
16-dekabr kuni “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan viloyatning quyidagi uchta tumanida turistik markazlar tashkil etiladi:
- Omonxona — Boysun tumanining 220,5 gektar yer uchastkasida;
- Sangardak — Sariosiyo tumanining 615 gektar yer maydonida;
- Obihayot — Jarqo‘rg‘on tumani, “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yi hududidagi 110 gektar yer uchastkasida.
Mazkur turistik markazlarni rivojlantirish va boshqarish uchun davlat muassasasi shaklida Surxondaryoda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish direksiyasi tashkil etiladi.
Ular hududlarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo‘sh yer uchastkalari mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida onlayn auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Xususiy investitsiyalar asosida bo‘sh yer uchastkalari 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Natijada, 2025−2027 yillarda mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlari quriladi.