O‘zbekiston o‘zining ilmiy-texnik sun’iy yo‘ldoshini 2028-yildan kechiktirmay orbitaga chiqarmoqchi. Bu haqda O‘zbekkosmos direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimovga tayanib, Kazinform xabar berdi.

Apparatni yaratish bilan Yaponiyaning Kyushu texnologiya institutiga o‘qishga yuborilgan 7 nafar o‘zbekistonlik magistrantlardan iborat jamoa shug‘ullanadi. Ularga o‘quv mashg‘ulotlari davomida sun’iy yo‘ldosh loyihasini ishlab chiqish, uni yig‘ish va koinotga uchirish topshirilgan.

“Agar talabalarimiz bu yil o‘qishni boshlasa, 2027-yilga borib uni tamomlaydi. […] Rejamizga ko‘ra, O‘zbekiston 2028-yilgacha o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchiradi”, — dedi Ibragimov agentlikka.

Shuningdek, u kosmik kemani koinotga olib chiqish uchun kosmik kompaniya bilan raketa-tashuvchidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish kerakligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, masala uchirishlar sonining cheklanganligi hamda boshqa mamlakatlar sun’iy yo‘ldoshlarni jo‘natish muddatlarini startdan 2−3 yil oldin belgilab qo‘yishi tufayli yanada murakkablashadi.

Hozirda agentlik Amerikaning SpaceX kompaniyasi bilan bu borada muzokaralar olib bormoqda, dedi Ibrohimov. Bu masala O‘zbekkosmos delegatsiyasining aprel oyida AQShga amalga oshirgan ishchi safari chog‘ida muhokama qilingandi.

Yil boshida Muhiddin Ibragimov Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda ilmiy sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqilayotganini, O‘zbekkosmos uning bir qismi bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qilgandi. “Biz texnologik qismni yaratib, uni sun’iy yo‘ldoshga integratsiya qilamiz. Adashmasam, sun’iy yo‘ldoshni 2026-yilning o‘rtalariga uchirish rejalashtirilmoqda”, — degandi u.

Shuningdek, agentlik vakili 2035-yilgacha milliy kosmik dastur ishlab chiqilishi, buning uchun agentlik 4−5 ta konsalting kompaniyasini jalb etishini qayd etgan. Hujjat 2025-yil o‘rtalarida taqdim etilishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekkosmos va Bosh prokuratura ekologik huquqbuzarliklarni aniqlashda hamkorlik qilishga kelishib olgani haqida yozgandi.