9-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Zamonaviy tahdidlar va oldindan aytib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyatni hisobga olib, tashqi siyosiy idoralar, shu jumladan Yevropa institutlari bilan sheriklik doirasida tizimli hamkorlik qilish, muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, eng avvalo, o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirishga e’tibor qaratildi. O‘zbekistondan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo mahsulotlari, polimerlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil qismlari, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlarini yetkazib berish shular jumlasidan.
Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohalarida imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish doirasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish va kvant etaloni laboratoriyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni tayyorlash, jumladan, agrosanoat majmui, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, “yashil” energetika va turizm loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Gumanitar sohada ta’lim va akademik almashinuvni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi. Qo‘shma tadqiqot dasturlarini, shu jumladan Bratislavadagi Komenskiy universiteti ishtirokida yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomonlar Madaniyat sohasida hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar. U o‘zaro ko‘rgazmalar, kino namoyishlari, konsertlar hamda muzey ishi sohasidagi loyihalarni o‘tkazishni nazarda tutadi.
Raqamli yechimlarni joriy etish va startap investitsiyalar sohasida mavjud imkoniyatlar asosida IT-startaplar akseleratsiyasi bo‘yicha qo‘shma venchur fondini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud moliyaviy vositalardan keng foydalanish taklif etildi.
Slovakiya tomoni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashildi.
Qabul qilingan qaror va kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi haqida kelishib olindi.
Mart oyida Migratsiya agentligi Slovakiya rekruting kompaniyasi bilan shartnoma imzolagandi. O‘zbekiston va Slovakiya alohida kvotalar ajratish va migratsiya oqimini raqamlashtirishga kelishib oldi.
Avvalroq O‘zbekiston Al Mirqab Capital va Blackrock’ga 8 ta investitsiya portfelini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.