YouTube reklama blokirovkasidan foydalanayotgan tomoshabinlar uchun ishlamay qoldi, deya xabar bermoqda Android Authority.

Videoxosting bunday texnologiyalarni qo‘llovchilarga qarshi kurashni keskin kuchaytirish qarorini qabul qildi.

Reklamani ataylab o‘chirib qo‘yadigan ko‘plab tomoshabinlar ommaviy uzilishlarni qayd etmoqda.

Ko‘pchilik tomosha qilishni davom ettirish uchun blokirovkani o‘chirish kerakligi haqida ogohlantirishlarga duch keladi, ba’zilarning YouTube bosh sahifasi esa butunlay bo‘sh qoladi. Reklamalarni bloklash kengaytmasi faolsizlantirilmaguncha video ijro etilmaydi.

Foydalanuvchilar ishlatadigan uBlock Origin va AdBlock kabi ilgari samarali bo‘lgan kengaytmalar ham endi o‘z vazifalarini bajara olmayapti.

Buning sababi, boshqa omillar qatorida, platforma foydalanuvchilarni kengaytmalarni o‘chirishga yoki pullik Premium obunasini sotib olishga majburlash maqsadida asta-sekin o‘zining himoya mexanizmlarini kuchaytirganidadir.

Nashrning xabar berishicha, yaqin kelajakda reklamani bloklash uchun yangi aylanma usullar paydo bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, video platformasi foydalanuvchilar reklamani o‘chirib qo‘ya olmasligi uchun himoya choralarini takomillashtirishni davom ettiradi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yoqilishiga nimalar to‘sqinlik qilayotgani haqida yozgandi.

Platformaning mamlakatda ushbu xizmati yoqilishi YIMni 0,1% gacha oshirishi, yillik daromadni $50 mlngacha yetkazishi mumkin.