Google korporatsiyasi Android 16 ning barqaror versiyasini yaqin orada chiqarishini va’da qildi. Bu haqda X’dagi Android Developers blogida xabar berildi.
“Android 16 ning yakuniy versiyasi tez orada chiqariladi! Ertaga ko‘rishguncha”, — deyiladi 10-iyunga o‘tar kechasi e’lon qilingan xabarda.
Ehtimol, operatsion tizimning (OT) yangi versiyasi 11-iyundan keyin foydalanuvchilarga taqdim etiladi. 9to5Google jurnalistlari 9-iyun kuni Apple iOS 26'ni e’lon qilganidan so‘ng, Google o‘z operatsion tizimining barqaror versiyasini chiqarishini ma’lum qilganiga e’tibor qaratishdi.
Yangi avlod Android’ning barqaror versiyasi dastlab Google Pixel smartfonlarida ishga tushiriladi. Keyinchalik, 2025-yil oxirigacha u boshqa brendlarning mos qurilmalarida ham paydo bo‘ladi.
9to5Google mualliflari bu unchalik katta yangilanish bo‘lmasligini ta’kidlashdi — masalan, yangi Material 3 Expressive dizayniga ega Android 16 faqat bir necha oydan so‘ng taqdim etiladi.
Android 16 ning birinchi barqaror versiyasi batareya holatining yangi ko‘rsatkichlari, ayrim ilovalar uchun Live Activities jarayon holatini aks ettirish funksiyasi, Google Wallet to‘lov xizmatiga tezkor kirish imkoniyati va kengaytirilgan Advanced Protection qurilma himoyasi sozlamalarini o‘z ichiga oladi.
2024-yilning noyabrida Google Android 16 operatsion tizimining birinchi beta-versiyasini e’lon qilgandi.
Beta-versiyada bir nechta yangi funksiyalar paydo bo‘ldi. Jumladan, uchinchi tomon ilovalari uchun foydalanuvchilar ularni baham ko‘rishlari uchun fotosuratlar va videolarni tanlash imkoniyati chiqarildi, tibbiy ilovalar va qurilmalarga ma’lumotlar almashish imkonini beruvchi “Health Connect” xizmati o‘zgartirildi.
May oyining oxirida Amerika kompaniyasi Google Android 16 operatsion tizimining yangi beta-versiyasini ishlab chiqardi. Bu versiya butun dunyo bo‘ylab Google Pixel smartfonlariga yuklab olish uchun taqdim etildi.
Avvalroq Spot Adobe Android uchun bepul Photoshop dasturini chiqargani haqida yozgandi.
Ilova ham boshlang‘ich, ham tajribali foydalanuvchilarga mo‘ljallangan va tasvirlarni tahrirlash uchun vositalar to‘plamidan foydalanish imkoniyatini beradi.