Azim Pulat 1999-yil tavallud topgan. 2024-yil Polshadagi Yaponiya IT akademiyasini tamomlagan. Shuningdek, Meta, Amazon, Google kabi bir qator xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritgan Azim IT’ni o‘rganishga qiziquvchilarga yordam berish maqsadida 42.uz loyihasini yo‘lga qo‘yib, Maytab startapini ham ishlab chiqqan.
Google’dagi faoliyatini yakunlab, loyihalari ustida ishlamoqchi bo‘lgan dasturchi Spot’ga xalqaro kompaniyalardagi ish jarayoni, xarajatlar hamda dasturchilar yirik kompaniyalarga ishga kirayotganda nimalarga ko‘proq e’tibor berishlari kerakligi, shuningdek, IT’da ta’limga oid startapni yo‘lga qo‘yishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar haqida so‘zlab beradi.
Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:
Dasturlashga qizishning boshlanishi: Shutdown
2009-yil, O‘zbekistonga internet endigina kirib kelayotgan paytlar edi. Hamma yerda ham internet bo‘lmasdi. O‘shanda onamni bir oylik tungi internet paketini sotib olishga zo‘rg‘a ko‘ndirgandim. Tarifni xarid qilganimizdan so‘ng, tuni bilan kerakli fayllarni kompyuterga yuklab, uxlamasdan maʼlumotlarni o‘rganib chiqardim. Juda charchab, o‘zimni “zombi"ga aylanib qolayotgandek his qildim.
Shundan so‘ng, bu og‘ir ishni osonlashtirish yo‘lini qidira boshladim. Natijada, kompyuterni avtomatlashtirish g‘oyasi xayolimga keldi. Men yozgan birinchi kodim “shutdown „-s -t 32400“” bo‘ldi. Bu kod orqali kompyuterim belgilangan vaqtdan so‘ng o‘zini o‘zi o‘chiradigan bo‘ldi. Ishim ancha yengillashdi va shu tariqa dasturlashga bo‘lgan qiziqishim uyg‘ondi.
Qiziqish xobbiga aylandi, xobbi esa kasbga. Dasturlash tillarni o‘rgana boshladim, sohada bilim, tajribamni yana ham mustahkamlash maqsadida Toshkentdagi Inha oliygohiga hujjatlarimni topshirishdim. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindim — ham ishlab ham o‘qishni birvarakaviyaga olib ketish qiyin bo‘ldi. 1-semestrdan so‘ng oliygohni tashlashimga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, agar fokus bir joyga qaratilmasa unda ikki ishda ham yetarli darajada muvaffaqiyatga erishish mushkul. O‘sha vaziyatda ishni tanlashga majbur edim.
Shundan so‘ng, startaplar qilib ko‘rdim, o‘xshamadi. Keyin, Newmax Technologies kompaniyasining HR-tizimida juniordasturchi bo‘lib ishga kirdim: 3 oy o‘tib ishchilar sonini qisqartirish boshlandi. Ixtiyoriy ravishda u yerdan ham ishdan bo‘shadim. So‘ng Super Dispatch kompaniyasida bir yil ishlab tajriba orttirib, Polshaga o‘qishga ketdim. Xorijga ketgan paytim ham toki xalqaro kompaniyaga ishga kirmagunimcha ular bilan masofadan ishlashni davom etdim.
Google’gacha yo‘l: xalqaro kompaniyalarga hujjat topshirish jarayoni
Polshaga borganimdan so‘ng Angliyadagi Facebook’ga (hozirda Meta kompaniyasi — Spot izohi) onlayn hujjatlarimni topshirib, CV hamda suhbatga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagandim. Biroq, qancha tayyorgarlik ko‘rmay rad javobini oldim.
Facebook’ga kirishda ikkita intervyu bo‘ladi: 45 daqiqa davom etib, 2 tadan 4 ta savol beriladi. Savollar algoritmik, ya’ni masalaning javobi so‘raladi, qo‘shimcha savollar ham beriladi. Shuningdek, CV qanchalik sodda, o‘qishga oson bo‘lsa — shuncha yaxshi. Dasturlash bo‘yicha CV qilayotganda aynan shu sohaga doir ma’lumotlar bilan boyitish muhim hisobalanadi. Misol uchun, dasturlash bo‘yicha ishga topshirayotgan bo‘lsangiz sportga oid ma’lumotlarni iloji boricha kamroq qo‘shing.
2021-yilda ham tayyorlanishni davom etdim: 5−7 oydan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan paytimda ularning o‘zi aloqaga chiqib ish taklif qilishdi. Birinchi intervyuni O‘zbekistonda o‘tganman, suhbatni amerikalik dasturchi olib borgandi.
Foto: Azim Pulatning shaxsiy arxividan
Ikkinchi intervyu Polshaga qaytganimda bo‘lgandi: muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng Londonga 3 oylik amaliyotga taklif qilishgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, 2022-yil Amazon’dan taklif olib u yerda faoliyatimni boshladim.
Google’ga hujjat topshirayotgan paytim Amazon’da ishlayotgandim: u yerdan bir haftaga javob olib, qisqa muddatda tayyorgarlik ko‘rganman. Natijada, bir kunda Google’ga ishga kirdim — payshanba kuni intervyu vaqtini belgilab, o‘sha kunning o‘zida 4 ta intervyuning barchasidan o‘tdim. Suhbat soat 10:39 larda boshlanib, 16:00 larda tugagan. Dushanba kuni oylik maoshlarini kelishib olganmiz.
2023-yil noyabr oyida Google’dagi hayotim boshlandi. U yerga “software engineer” L4 bo‘lib ishga olindim.
Google’dagi birinchi ish kunim va nosoz kompyuter
Ishga qabul qilingandan so‘ng, kompaniya odatda xodimga alohida kompyuter yuborib, uni moslashtirish uchun maʼlum muddat beradi. Biroq, men uchun jo‘natilgan kompyuter nosoz chiqdi. Ustiga ofisga birinchi borgan kunimda ishchilar ro‘yxatida ismim yo‘q edi.
Bu holatda menga 25-qavatga ko‘tarilib, u yerdagi masʼul xodimlardan maʼlumot olishim mumkinligini aytishdi. Biroq, u yerda ham ismim ro‘yxatda chiqmadi. Menga biroz kutib turishimni va tizimda nosozlik bo‘lishi mumkinligini aytishdi. Ko‘p o‘tmay, tizim ishga tushib, ismim ro‘yxatdan chiqdi va meni ish xonamga olib borishdi.
Xonaga kirganimda hamma jim edi, ustiga-ustak menejerim ham o‘sha paytda ishda emasdi. Bo‘sh stulni topib o‘tirdim va ishimni boshladim.
Buzilgan kompyuterni bo‘lsa bir hafta ichida almashtirib berishgan.
Xarajatlar. Varshavada yashash xarajatlari kutilganidek ko‘p bo‘lmadi. Xususan:
- Uy ijarasi oyiga $250.
- Ko‘chada ovqatlanish uchun $100 atrofida xarajat qilardim.
- Transport xarajatlari (metro, avtobus) talabalar uchun oyiga $12, agar talaba bo‘lmasangiz, $24ni tashkil etadi.
Sayohatlarni ham hisobga olganda, bir oyda jami $1000 atrofida xarajat qilardim.
IT ta’limiga oid loyiha qilishda nimaga e’tibor berish kerak?
IT sohasidagi ilk loyiham Edugate bo‘lgan edi. Inha universitetidagi o‘qishimni tashlaganimdan so‘ng, aynan shu loyihani “oyoqqa turg‘izishga” astoydil harakat qildim. Loyihani hech qanday mablag‘siz boshlagandik: ko‘ngilli yoshlar bir joyga yig‘ilib, darslarni videoga yozib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylab borardik.
Darslar videoga yozib olingach, katta hajmdagi videolarni qayta ishlashga qodir kompyuterlarga ehtiyoj sezila boshladi. Bundan tashqari, loyihani boshqarish va darslarni yozish jarayonida biroz tajriba ham yetishmadi. Natijada Edugate dunyo yuzini ko‘rmadi — hozirgi 42.uz uning qaysidir ma’noda mantiqiy davomi hisoblanadi.
Foto:Javohir Esonboyev / Spot
2023-yil noyabr oyida biz 42.uz onlayn taʼlim platformasiga asos soldik. Bugungi kunda bu platforma yoshlarga dasturlash bo‘yicha nafaqat onlayn, balki oflayn shaklda ham bilim berib kelmoqda. Loyiha uchun dastlabki darslar yozilib, hali yakuniy holatga kelmasdan turib kurslar sotuvi boshlanib ketdi va 300 ta kurs sotilgan edi. Biroq, mentorlar darslarni yozishga ulgura olmaganliklari sababli, sotilgan kurslarning pullari mijozlarga qaytarib berildi. Bu holat IT taʼlimiga oid loyihalarni boshlayotganda darslarni yetkazib berish jarayonini oldindan puxta rejalashtirish muhimligini ko‘rsatdi.
Men Googleʼdan ketib, bor eʼtiborimni 42.uz loyihasini rivojlantirishga qaratmoqchiman. Bundan tashqari, hozirda Maytab loyihasi ustida ham ish olib boryapmiz va uning MVP (Minimum Viable Product) varianti yaqin kunlarda tayyor bo‘ladi.
Maslahatlar: dasturchilar o‘qishi kerak bo‘lgan 3 kitob
“Head first Python” Pol Berry qalamiga mansub bo‘lib, Python dasturlash tilini o‘rganishni istaganlar uchun ajoyib qo‘llanma. Kitobda dasturlash tili sodda va tushunarli tarzda tushuntirilgan, shuning uchun uni mutolaa qilib, Python’ning imkoniyatlari haqida keng bilimga ega bo‘lasiz. Undan tashqari, ushbu kitob yordamida veb-ilovalar yaratish, maʼlumotlar bazasini boshqarish va generatorlardan foydalanish kabi ko‘nikmalarni ham egallash mumkin.
“Grokking Algorithms” kitobi esa Aditya Bxargava tomonidan yozilgan bo‘lib, algoritmlar haqidagi bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga yordam beradi. Yuqorida tavsiya etilgan kitob orqali dasturlash tilini o‘rgangan bo‘lsangiz, bu kitob orqali algoritmlarni o‘zlashtirasiz. Bu ikki kitob bir-birini to‘ldirib, dasturlashdagi bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi.
“Intoduction to algorithms"(Algoritmlarga kirish), Tomos Kormen qalamiga mansub bu kitob nomidan oddiy ko‘rinsa-da, Garvard talabalari ham uni o‘qishga qiynalishadi. Ushbu kitobni mutolaa qilish orqali dasturlashdagi haqiqiy “qiyinchiliklarni” his qilib ko‘rishingiz mumkin.
Shuningdek, bu kasb doimiy o‘zgarishda bo‘lib, undagi qiyinchiliklar va talab qilinayotgan narsalar ham muntazam yangilanib turadi. Men oxirgi 8 yil ichida sanoatning qanchalik o‘zgarganiga guvoh bo‘ldim — keyingi yil bu yilgisiga sira o‘xshamaydi. Shunday ekan, doimiy o‘zgarishlarga tayyor turing va ularni qabul qilishni o‘rganing.
Yangi texnologiyalarni o‘ranishiga shoshilib, o‘zingizni charchatib qo‘ymang. Fundamental bilimlar o‘zgarmaydi: operatsion tizimlar, internet texnologiyalarni shoshilib o‘rganish oqibatida asosiy bilimlarni o‘tkazib yubormang. Hech bo‘lmaganda bitta dasturlash tilini o‘zingizni ifodalay oladigan darajada o‘rganishni tavsiya qilaman.