10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari so‘nggi 17 yildagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekiston-Bolgariya do‘stlik va sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
Savdoni, eng avvalo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali ko‘paytirishga e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdoning o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Samarali yerusti va havo transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, tomonlar ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasi ochilishi mumkin.
Gumanitar aloqalarni, shu jumladan akademik va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish, joriy yilda Andijon shahrida yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini oshirish, uning ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Rumen Radev Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026−2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Toshkent va Sofiya shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
May oyida Bolgariya bilan mehnat migratsiyasi sohasida davlatlararo kelishuv ishlab chiqilib, tashkiliy migratsiyani yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzilishi belgilangandi.
Avvalroq O‘zbekiston BRIKS Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishi haqida xabar berilgandi.