Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolarining Los-Anjelesdagi (AQSh) norozilik namoyishlarida ishtirok etgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Hozirda mazkur namoyishlarda O‘zbekiston fuqarolarining ishtirok etgani to‘g‘risida hech qanday rasmiy tasdiqlangan ma’lumot kelib tushmadi.

“Shu bilan birga, AQShdagi barcha yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning amaldagi qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga, tinchlik va xavfsizlikni buzishi mumkin bo‘lgan har qanday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz”, — deyiladi TIV xabarida.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.

Vazirlik zarur hollarda fuqarolar AQShdagi Elchixona va Bosh konsulxonaga murojaat qilishlari mumkinligini qayd etdi.

Namoyishlar 6-iyun kuni AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) tomonidan Los Anjeles tumanlaridan birida o‘tkazilgan reydlardan so‘ng boshlangandi. Namoyishchilar va federal agentlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.

Namoyishchilar chegara patrullarining avtomobillariga tuxum, shuningdek, toshlar uloqtirgan. Bunga javoban huquq-tartibot idoralari rezina o‘qlar va yorug‘lik-shovqinli granatalardan foydalangan. Kamida 44 kishi qo‘lga olingan.

Ertasi kuni norozilik namoyishlari Los Anjelesning chekka hududlariga, jumladan, aholisi asosan lotin amerikaliklardan iborat Paramauntga tarqaldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 7-iyun, shanba kuni immigratsiya reydlariga javoban boshlangan norozilik namoyishlarini tarqatish uchun Los Anjelesga 2000 nafar Milliy gvardiya askarini kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonliklarga AQSh vizasi olish talablari yengillashtirilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek, AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilish rejalashtirilgan.