O‘zbekiston oxirgi vaqtlarda Rossiyada fuqarolar noqonuniy tekshirilayotgani holatini o‘rganmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov xabar berdi.
10-iyun kuni O‘zbekiston TIVda Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston tomoni Rossiya hududida ayrim holatlarda fuqarolarga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Bunday holatlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga to‘g‘ri kelmasligi, ularning oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga e’tibor qaratildi.
“O‘zbekiston xorijda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi”, — deya qayd etdi TIV matbuot kotibi.
Holat bo‘yicha O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan Rossiya tomoni bilan diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini ta’minlashga undamoqda. TIV Rossiyaning tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirmoqda.
Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Elchixona tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan unga izoh berish so‘ralgan.
Shu bilan birga, bu vaziyatda inson huquqlari yaqqol buzilganligi sababli, TIV buni qabul qilib bo‘lmas holat, deya baholab, Rossiya tomonidan kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berishni so‘radi.
Vazirlik ushbu masalani o‘zining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi, deya xulosa qilingan.
Avvalroq TIV BAA aeroportlarida o‘zbekistonliklarning uzoq vaqt qolib ketayotgani va tekshiruvlar sabablarini aniqlayotgani haqida xabar berilgandi.