Avvalroq Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi. Mamlakat yer osti boyliklarining salohiyati $3 trlnga baholanmoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni ta’minlovchi ishonchli qoidalar bo‘lishi shartligini qayd etdi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishda hamkorlar bilan faol ishlab, “o‘nlab qonun, yuzlab standartlarni” xalqaro talablarga moslashtir, bu ishlarni shu yil to‘liq yakuniga yetkazish kutilmoqda.

Mamlakatda xorijiy sarmoyadorlarga qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi “milliy rejim” joriy qilinadi. Davlat organlari bilan munosabatga kirishishda “yagona darcha” tamoyili tatbiq etilishi belgilandi, investitsiya faoliyatini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoyalash tizimi yaratiladi.

Prezident 2030-yilga borib, O‘zbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga olib chiqish maqsad qilinganini ta’kidladi. Urganch aeroporti boshqaruviga Janubiy Koreyaning Inchon kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Farg‘ona, Navoiy aeroportlarini DXSh asosida xususiy investorlar boshqaruviga berish bo‘yicha tenderlar o‘tkaziladi.

2 mln aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahrida yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi aeroport, temir yo‘l va avtomobil transportini qamrab olgan “multimodal xab” quriladi. Yirik savdo komplekslari va moliya markazlari bunyod etiladi. Prezident investorlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarni loyihada ishtirok etishga chaqirdi.

“Biz Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi"ni ilgari surishni taklif qilamiz”, — dedi mamlakat yetakchisi. Shavkat Mirziyoyev xalqaro tashkilotlarga yuzlanib, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini bildirdi.

“Biz uchun investitsiya — faqatgina moliyaviy manba emas. Bu — texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir. O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident investorlar uchun mamlakatda barcha eshiklar doimo ochiqligini, eng muhimi — ular faoliyatini himoya qiluvchi qonunlar, muloqotga ochiq davlat va hamkorlikka tayyor xalq borligini bildirdi. “Har bir investorga O‘zbekistonda sohadagi munosib investorni topib berish bizning eng katta vazifamiz. Butun komandamga topshiriq berganman, har bir kelgan investorning manfaatlarini kafolatlaymiz, ikki tomonlama manfaat ta’minlanadi”, — deya xulosa qildi davlat rahbari.

Avvalroq prezident investitsiya loyihalariga yer ajratish va ruxsatnoma berish masalalarini hal etishni topshirgani haqida xabar berilgandi.