Avvalroq Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi. Mamlakat yer osti boyliklarining salohiyati $3 trlnga baholanmoqda.
Davlat rahbari dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar oldida turgani, bu barqaror rivojlanish uchun davlatlarni hamkorlikda ishlashga undayotganini qayd etdi.
Asosiy yo‘nalish “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish bo‘lib, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyotni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash uchun “yashil” energetikani rivojlantirmoqda.
Sohaga qariyb $6 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 59 mlrddan 82 mlrd kVt/soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 mlrd kVt/soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi 54% ga yetadi.
Elektr tarmoqlarini yangilashga $4 mlrd jalb qilinadi. Joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlari xususiy sheriklikka beriladi. Shu yil global uglerod bozorlariga qo‘shilib, Yashil O‘zbekiston iqlim investitsiyalari platformasi yaratiladi.
Prezident ikkinchi yo‘nalish sifatida iqtisodiyotning “drayveri"ga aylanayotgan raqamli texnologiya va sun’iy intellektni qayd etdi. Shu yilning o‘zida IT eksporti $1 mlrdga yetadi. 2030-yilga borib, buni 5 baravar oshirish uchun salohiyat va imkoniyat yetarli ekanligi ta’kidlandi.
2026-yil “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushadi. Yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 MVtdan ortiq 20 ta data-markaz barpo etiladi.
Shuningdek, mamlakat boy tarixi, azaliy qadriyatlari hamda yangi kreativ g‘oyalarni o‘zida taqdim etuvchi sun’iy intellektning milliy modeli ishlab chiqiladi. Tizim samaradorligini ta’minlash uchun “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi boshlangan.
Yana bir ustuvor yo‘nalish — moliya sohasini transformatsiya qilish bo‘ladi. Mamlakatda Moliyaviy barqarorlik kengashini ta’sis etish, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Prezident bozor kapitallashuvi $1 mlrddan ortiq bo‘lgan startaplar sonini ko‘paytirish maqsadini e’lon qildi. Shu bois “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kelgusi besh yilda venchur va boshqa muqobil sarmoyalar hajmini $1 mlrdga olib chiqiladi.
Avvalroq Etisalat kompaniyasi O‘zbekistonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qurishda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.