Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini yaxshilashga yordam beradi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsiyalar bloki rahbari Konstantin Limitovskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish borasida bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.

Xususan, tomonlar A380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘lining 150 — 228-km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi (328,1 km) hamda Xorazm viloyatidagi (188 km) umumiy foydalanuvdagi mahalliy ahamiyatga ega 516,1 km avtomobil yo‘llari qismlarini to‘la ta’mirlash loyihasi bo‘yicha hamda istiqbolda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuv amalga oshirildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va OIIB loyihalar portfelini $4 mlrdga oshirishi haqida yozgandi.

Mamlakatda yashil ma’lumotlar markazlari yaratiladi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga $100 mlnlik yashil sertifikatlar bozori shakllantiriladi.