IT Park Uzbekistan O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli texnologiyalar vazirliklari hamkorligida AlchemistX va Silicon Valley Residency (SVR) 2025 akseleratsiya dasturiga arizalar qabulini e’lon qiladi. Bu haqda Spot’ga texnopark matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur AQSh bozoriga kirishga intilayotgan Markaziy Yevroosiyodagi B2B startaplarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dasturda ishtirok etish ta’sischilarga investorlar va strategik hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish, mijozlarni jalb qilish, mahsulotni takomillashtirish va biznesni rivojlantirishni jadallashtirish imkonini beradi.

Dastur haqida:

  1. AlchemistX Accelerator — B2B startaplari uchun dunyodagi yetakchi akseleratorlardan biri. Ishtirokchilar mentorlar, investorlar va soha ekspertlarining keng tarmog‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Dastur bozorga kirish, kengaytirish, sotish strategiyalari va mahsulotning bozorga mosligini topishga qaratilgan.
  2. Silicon Valley Residency — Markaziy Yevroosiyo startaplari uchun AQSh bozoriga kirish va investorlar bilan hamkorlik qilish dasturi. Ishtirokchilar Silikon vodiysi ekotizimiga sho‘ng‘ishadi, tadbirlarda qatnashishadi, mentorlik yordami va venchur kapital sanoati vakillari oldida loyihalarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

AlchemistX akseleratsiya dasturida jami 10 ta — O‘zbekistondan, IT Park Uzbekistan rezidentlari orasidan 5 ta va Qozog‘istondan, Astana Hub rezidentlari orasidan 5 tadan startap ishtirok etadi. Silicon Valley Residency dasturida esa AlchemistX dasturidan tanlangan 10 ta startap avtomatik ravishda ishtirok etadi.

Qo‘shimcha 10 ta startap esa alohida tanlov orqali saralanadi. Ushbu tanlovda IT Park Uzbekistan, Astana Hub va boshqa Markaziy Yevroosiyo texnologik xablar rezidentlari, shuningdek, AQShdagi Silkroad Innovation Hub startaplari ishtirok eta oladi.

Nomzodlardan arizalar 2025-yil 9-iyundan 11-iyulgacha havola orqali qabul qilinadi.

Eslatma: tanlab olinganlardan Silikon vodiysida yashash xarajatlarini qoplash uchun $5000 majburiyat to‘lovi olinadi.


Avvalroq Spot Dubayda Markaziy Osiyo startaplari uchun akselerator ishga tushirilayotgani haqida yozgandi.

Unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston jamoalaridan arizalar 20-iyungacha qabul qilinadi.