Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash niyatini bildirdi. Bu haqda TACC nashri xabar berdi.

“Men 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tarafdoriman. Buni amalga oshirish imkoniyatimiz bor. Chunki barcha bu platformalar yuz tanish yoki identifikatorlar yordamida yoshni tekshira oladi”, — dedi u.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada allaqachon ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘lib, unda har bir o‘quvchining shaxsiy raqami bor va bu orqali ham kishining yoshini tasdiqlash mumkin

U yana tajovuzkor xulq-atvorli bolalarning ko‘pchiligi noto‘liq oilalarda o‘sib, yetarli e’tibor va tarbiya olmasligi holatlari ko‘pligini ta’kidladi.

“Men bu masalani Yevropa darajasida ko‘rib chiqilishiga erishmoqchiman. Agar buning iloji bo‘lmasa, biz buni Fransiyada amalga oshiramiz. Kutishga vaqt yo‘q,” — dedi prezident.

Makron ushbu bayonotni Fransiyaning shimoli-sharqidagi Nojen kommunasida yuz bergan voqealarni sharhlash chog‘ida berdi. U yerda 14 yoshli o‘smir maktab xodimasiga pichoq bilan hujum qilib, uni halok etgan edi.

Hujum kirish joyida ryukzaklarni tekshirish paytida sodir bo‘lgan, bunda o‘smirda sovuq qurol topilgan. Mahalliy politsiya xodimlari darhol hujumchini qo‘lga olishgan, biroq uning harakatga undagan sabablari hali aniqlanmagan.


Avvalroq Spot Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlangani haqida yozgandi.

Endi texnologik kompaniyalar voyaga yetmagan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Aks holda, ularga $32 mln miqdorida jarima solinishi mumkin.

Shuningdek, Indoneziya ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yoshni belgilashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Mamlakat aloqa vazirining qayd etishicha, ushbu qaror bolalarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, biroq u minimal yosh chegarasi qanday bo‘lishi haqida ma’lumot bermadi.