11-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumi doirasida Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident marbuot xizmati xabar berdi. Unda o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish muhokama qilindi.

O‘zbekistonda Lombardiya kompaniyalari bilan pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va Uzbek Organic brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026-yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.

Gubernator, o‘z navbatida, O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Avvalroq Pokistonda O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ochilgani haqida xabar berilgandi. Unda quruq mevalar, teri, ip-kalava, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, kimyo va boshqa mahsulotlar namoyish etiladi.