11-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalar, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi hamda qo‘shma korxonalar soni ortdi.
O‘zbekiston rahbari iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Hayraton sanoat markazini tez fursatda barpo etish, u yerda farmatsevtika, mebelsozlik, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Transafg‘on temir yo‘li va Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini qurish kabi yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, forum doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan muzokara o‘tkazdi.
Tomonlar ikki hujjat — Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturini imzoladilar.
O‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim 1-oktabrdan kuchga kirishi ma’lum bo‘lgandi. Hujjat 14 turdagi tovarlarga boj to‘lovlarini bekor qiladi, eksport qiluvchilarga esa qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi. O‘zbekiston Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini berishni soddalashtirmoqda.
Joriy yilning fevral oyida Afg‘oniston hukumati raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Afg‘oniston tomoni ikki tomonlama savdoda milliy valyutalardan foydalanish, chegara bojxona tizimlarining ulanishini tezlashtirish hamda savdoni litsenziyalashdagi to‘siqlarni bartaraf etish kabi takliflarni bildirgandi.
Avvalroq 10-iyundan Afg‘onistonning Salang dovonida yuk avtomobillari harakati cheklanishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Transport vazirligi mazkur yo‘nalish orqali harakatlanuvchi xalqaro yuk tashuvchilardan muqobil yo‘nalishlar orqali harakatlanishni so‘ramoqda.