Markaziy bank boshqaruvi 12-iyundagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
So‘nggi oylardagi iqtisodiy faollik va iste’mol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflyatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat berayotgani qayd etildi. Bu umumiy inflyatsiyaning may oyidagi biroz pasayishiga qaramasdan inflyatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Regulyatorga ko‘ra, mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlarini pasaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini ta’minlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi.
Yil boshidan o‘suvchi trendda shakllangan umumiy inflyatsiya darajasi may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7% ga teng bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.
Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5% ga yetdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqoriligi sharoitida joriy energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.
Yanvar-may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘lgan. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va ko‘chmas mulk savdosi bitimlari soni o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, kredit ajratishning yuqori darajasi va budjet xarajatlarining o‘sishi ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantirmoqda. Bu omillar kelgusida yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.
Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida ko‘p davlatlarda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari o‘sishi ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
An’anaviy eksport tovarlari birja narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va hamkor davlatlarda almashuv kursi mustahkamlanishi eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bu, o‘z navbatida, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi oshishi bilan birga ichki valyuta bozorida takliflarning barqaror shakllanishiga xizmat qilib, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflyatsiyaga bosimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.
Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasi saqlab qolinishini kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sishini ta’minlashi bilan izohladi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shuningdek, regulyator tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5% lik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.
Avvalroq Markaziy bankning xalqaro aktivlari bir oyda $410,2 mlnga oshib, $49,66 mlrdni tashkil etgani haqida xabar berilgandi. O‘sish valyuta zaxiralari hisobidan ta’minlangan.