Dubayda yangi metro liniyalarini qurish ishlari boshlanib ketdi. Bu haqda khaleejtimes nashri ma’lum qildi.
Mazkur tarmoqlar shaharning shimoli-sharqiy qismini o‘zgartirishi, transport tirbandliklarini yengillashtirishi va xalqaro aeroport bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlashi kutilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Dubay ko‘rfazi hududida dunyodagi eng baland metro bekati bo‘lgan yangi Emaar Properties bekati quriladi. Uning balandligi 74 metrni tashkil etib, 2029-yilda sentabrida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Stansiya loyihasi Amerikaning yetakchi me’morchilik kompaniyalaridan biri — Skidmore, Owings & Merrill tomonidan ishlab chiqilgan. Bu kompaniya Burj Khalifa, Nyu-Yorkdagi Olimpiya minorasi va Chikagodagi Sirs minorasi kabi mashhur inshootlarni barpo etgan.
Stansiya 2040-yilga kelib kuniga 160 ming nafargacha yo‘lovchini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Me’morlar stansiyani shahar qurilishiga uyg‘unlashtirish va “Dubay — kelajak darvozasi” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.
Yangi yo‘nalish 30 kilometrga cho‘zilib, 14 ta bekatni o‘zaro bog‘laydi. Yo‘lovchilarni tashish uchun unda 28 ta zamonaviy poyezd qatnov qiladi. Loyiha amalga oshirilgach, amirlik metro tarmog‘ining umumiy uzunligi 131 kilometrga, bekatlar soni esa 78 taga yetadi.
“Ko‘k yo‘nalish” Dubayning to‘qqizta asosiy hududini tutashtiradi. Bu hududlarda shaharni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2040-yilga kelib bir milliondan ortiq aholi istiqomat qilishi kutilmoqda.
Bashoratlarga ko‘ra, poyezdlar har ikki yo‘nalishda soatiga 46 ming yo‘lovchini tashiy oladi, 2030-yilga borib esa yo‘lovchilar soni 200 ming kishiga yetadi. Yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi yo‘llardagi tirbandlikni taxminan 20 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Avvalroq Spot Abu-Dabida to‘liq haydovchisiz robotaksilar sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mazkur turdagi avtomobillar ilk bor haydovchi-instruktor ishtirokisiz to‘liq avtonom tarzda harakatlanadi.