Yaponiya chet ellik sayyohlar uchun kirish qoidalarini yangilaydi, deya xabar bermoqda Tengrinews nashri.
Asosiy o‘zgarishlar orasida majburiy tibbiy sug‘urta, soliq imtiyozlarini kuchaytirish va qarzlarni nazorat qilish bor.
Tibbiy sug‘urta
Skift xabar berishicha, Yaponiya hukumatining rejalariga ko‘ra, xorijiy sayyohlar mamlakatga faqat amal qilayotgan xususiy tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lgan taqdirdagina kirishlari mumkin bo‘ladi.
Ushbu talab yangi iqtisodiy siyosat paketining bir qismi sifatida muhokama qilinmoqda va tibbiyot muassasalariga tushayotgan moliyaviy yukni kamaytirish maqsadida ilgari surilmoqda.
Buning sababi: sayyohlarning tibbiy yordam olib, to‘lovlarni amalga oshirmasdan ketib qolish holatlari ko‘paygan. Misol uchun, 2024-yil sentabr oyida 11 mingdan ortiq chet ellik fuqaro davolanish uchun murojaat qilgan va ularning 90 nafariga yaqini 61 mln iyeтdan ortiq qarz qoldirgan.
Yangi siyosatga ko‘ra:
- sug‘urtasi bo‘lmagan turistlar kirish uchun ruxsatnoma olmasligi mumkin;
- davolanish uchun qarzi bo‘lgan chet el fuqarolariga mamlakatga takroran kelish rad etilishi mumkin;
- shifoxonalar to‘lanmagan to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni immigratsiya organlariga taqdim etishlari mumkin;
- immigratsiya xizmatlari qarzdorlar ro‘yxatiga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, mamlakat yangi qoidalarni joriy etish muddatlari hozircha aniqlashtirilmagan.
O‘zgarishlar kimlarga ta’sir qiladi?
O‘zgarishlar nafaqat sayyohlarga ta’sir qiladi. Yaponiyada yashayotgan xorijliklar ham endi qattiq nazorat ostida bo‘ladi. 150 ta munitsipalitetda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, milliy tibbiy sug‘urta tizimida (NHI) ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan xorijliklarning atigi 63%i unda ro‘yxatdan o‘tgan. Taqqoslash uchun — yaponlar orasida bu ko‘rsatkich 93%ni tashkil etadi.
Endi hokimiyat bu yerda ham nazoratni kuchaytirmoqchi: kelajakda vizalarni uzaytirish sug‘urta mavjudligi va soliqlar to‘langanligini tasdiqlash bilan qat’iy bog‘liq.
Tax free
Yaponiya, shuningdek, sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan soliqsiz xarid qilish tizimini qayta ko‘rib chiqmoqda. 2026-yil 1-noyabrdan boshlab 10%lik soliq hozirgidek do‘konda ushlab qolinmasdan, xarid chog‘ida to‘lanadi.
Pulni qaytarish uchun parvozdan oldin ariza topshirish kerak bo‘ladi. Shuningdek, agar narsalar uyga pochta orqali jo‘natilsa, hech qanday soliqsiz — xaridlarni shaxsan bojxonada ko‘rsatish kerak.
Elektron ruxsatnoma
2030-yilgacha joriy etilishi rejalashtirilgan Yaponiyaning elektron sayohat ruxsatnomasi tizimi (Japan ETA) muddatidan oldin amalga oshiriladi.
Bu o‘zgarishlar AQSh, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Singapur kabi 71 ta vizasiz mamlakatdan kelgan sayyohlarga taalluqli bo‘ladi.
Avvalroq Spot Yaponiya O‘zbekistondan 10 ming nafar mutaxassis jalb qilishi haqida yozgandi.
O‘zbekistonda fuqarolarni til va kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Tomonlar viza rasmiylashtiruvini soddalashtirish va raqamlashtirish, Yaponiyaga kirish ruxsatini olish muddatini qisqartirish imkonini ko‘rib chiqyapti.