AQSh prezidenti Donald Tramp TikTok biznesini sotish muddatini yana kechiktiradigan farmonni imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Media Post yozmoqda.

U muddatni 2025-yil aprel oyida imzolangan avvalgi 75 kunlik farmon bilan belgilangan 18-iyundan keyin yana 75 kunga uzaytirishi kutilmoqda.

Yanvar oyida prezident milliy xavfsizlikka tahdid tufayli ilovani AQShda sotish yoki taqiqlashni talab qiluvchi qonunning ijrosini kechiktiradigan farmonni imzoladi.

Oracle, Blackstone, Silver Lake, Andreessen Horowitz, Maykl Dell va boshqa potensial investorlar bilan olib borilayotgan muzokaralar Tramp tomonidan Xitoy importiga yangi tariflar joriy etilishi fonida to‘xtab qoldi. Bu esa Pekinning noroziligiga sabab bo‘ldi.

TikTokning AQShda ehtimoliy taqiqlanishi foydalanuvchilar va ijodkorlar orasida keng jamoatchilik e’tirozi va xavotirga sabab bo‘ldi.

Ba’zi blogerlar muqobil platformalarni qidirib, kanallarini boshqa platformalarga ko‘chirishni boshladilar.

Milliy xavfsizlik masalasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda, chunki TikTok algoritmi hali ham ByteDance nazorati ostida. Ba’zi tahlilchilarning fikricha, muddatni uzaytirish AQShda ilovani sotish yoki taqiqlashni talab qiluvchi qonunni buzishi mumkin.


Avvalroq Spot TikTok meditatsiya funksiyasini ishga tushirayotgani haqida yozgandi.

Yangi funksiya foydalanuvchilarga dam olish va uyquga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.