AQSh va Xitoy yangi savdo kelishuvining asosiy qoidalarini kelishib oldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Prezident Donald Trampning aytishicha, kelishuv “deyarli yakunlangan” bo‘lib, faqat ikki tomonning rasmiy tasdig‘ini kutmoqda.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, Xitoy AQShga kamyob yer metallari va magnitlarni “zudlik bilan” yetkazib berishni o‘z zimmasiga oladi.
Bunga javoban AQSh xitoylik talabalarning Amerika universitetlarida ta’lim olishni davom ettirishlari mumkinligini tasdiqladi. Shu bilan birga, Vashington yarimo‘tkazgichlar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq texnologiyalarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni saqlab qolmoqda.
Tramp yangi tarif rejimi tafsilotlarini ham aniqlashtirdi: “Biz tariflarning 55%ini, Xitoy esa 10%ini olmoqda. Munosabatlar ajoyib!”.
Londonda tomonlar savdo cheklovlarini kuchaytirishda 90 kunlik pauzani o‘z ichiga olgan may oyidagi “Jeneva konsensusi"ni amalga oshirishga kirishishga kelishib oldilar. Xitoy allaqachon eksport litsenziyalarining bir qismini ma’qullagan, AQSh esa avval kelishilgan shartlarda yetkazib berishga tayyorligini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, Amerika apellyatsiya sudi avvalroq quyi instansiya sudi tomonidan bloklangan tariflarni vaqtincha saqlab qolishga ruxsat berdi. Bu Trampning pozitsiyasini mustahkamladi, u qarorni “muhim g‘alaba” deb atadi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, yuqori texnologiyalar sohasida saqlanib qolayotgan kelishmovchiliklarga qaramay, kelishuv jahon savdosini barqarorlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin. Biroq yakuniy kelishuvning taqdiri yetakchilar — Tramp va Si Szinpinning yakuniy roziligiga bog‘liq bo‘ladi.
Aprel oyida Tramp Xitoydan keltirilayotgan mahsulotlarga 125%gacha boj belgiladi. Oq uy ma’lum qilishicha, ilgari amalda bo‘lgan yig‘imlarni hisobga olgan holda, Xitoy uchun umumiy tariflar 145%gacha ko‘tarildi.
Bunga javoban Pekin 12-apreldan boshlab AQShdan keltirilayotgan mahsulotlarga bojlarni 125%gacha oshirdi. Xitoy Davlat kengashining tariflar qo‘mitasi ta’kidlashicha, hozirgi tarif darajasida bozor endi Xitoyga yetkazib berilayotgan Amerika tovarlarini qabul qila olmaydi. Shu sababli, AQSh Xitoydan kelayotgan mahsulotlarga tariflarni oshirishda davom etsa ham, Pekin bunga javob qaytarmaydi.
Bundan tashqari, Xitoy Gollivud filmlari importini cheklashini ma’lum qildi. Pekin avtomobilsozlik va aerokosmik sanoatda, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda “muhim ahamiyatga ega” bo‘lgan noyob yer minerallari va magnitlar eksportini to‘xtatdi, deya xabar berdi The New York Times.
Shuningdek, Pekin Xitoy aviakompaniyalariga Boeing samolyotlarining yangi yetkazib berilishini qabul qilishni taqiqladi, deb yozdi Bloomberg.
WSJ nashrining xabar berishicha, Tramp 70 dan ortiq davlatni import bojlarini bekor qilish evaziga Xitoy iqtisodiyotini izolyatsiya qilishga ishontirmoqchi.
Bojxona tariflari bo‘yicha muzokaralarda AQSh boshqa davlatlardan Xitoy iqtisodiyotiga jalb qilinishiga qarab, mamlakatdan tovarlar olib kirish va tranzitini, shuningdek, Xitoy kompaniyalarini joylashtirishni taqiqlashni so‘raydi, deb yozadi gazeta xabardor manbalarga tayanib.