AQSh ma’muriyati chet elliklar uchun doimiy yashash guvohnomasining muqobil dasturi doirasida prezident Donald Tramp tomonidan taklif etilgan “Trump Card” nomli yangi immigratsiya hujjatiga ariza topshirish uchun onlayn platforma ishga tushirdi.
Trumpcard.gov saytida potensial ariza beruvchilar kutish ro‘yxatiga yozilishlari mumkin. Buning uchun ular o‘z ismi, elektron pochta manzili, kelib chiqish mamlakati va ariza berish toifasini ko‘rsatishlari kerak.
Ariza berish toifasi jismoniy shaxs, kompaniya yoki boshqa subyekt nomidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ariza o‘zi uchun, oila a’zolari uchun yoki boshqa shaxs uchun topshirilayotganini tanlash imkoniyati mavjud. Tanlash uchun mintaqalar orasida Osiyo, Yevropa, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda boshqa hududlar bor.
Bosh sahifada kartaning o‘zi tasvirlangan: oltin rangdagi fon, Trampning yuzi, Ozodlik haykali, prezidentning imzosi va ishtirok summasini anglatuvchi 5M qisqartmasi joylashtirilgan.
Dastur birinchi marta 2025-yil fevral oyida e’lon qilingan bo‘lib, 1990-yildan beri mavjud bo‘lgan EB-5 vizasining o‘rnini bosadi. Trampning bayonotiga ko‘ra, yangi format nafaqat boy odamlarni, balki iqtidorli mutaxassislarni ham jalb qilishga yordam beradi, ularning dasturdagi ishtirokini homiy kompaniyalar to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Trump Card AQSh fuqaroligini olish yo‘lini ta’minlashi mumkin, bunda uning egalari mamlakatda soliq to‘lashga majbur bo‘ladi.
Oq uyning hisob-kitoblariga ko‘ra, dastur 1 mlngacha ishtirokchini jalb etishi va AQSh iqtisodiyotiga $5 trln kiritilishini ta’minlashi mumkin.
Savdo vaziri Xovard Latnik mart oyida EB-5 dasturini “mutlaqo bema’ni va firibgarlik” deb tanqid qilib, yangi mexanizmni ancha shaffof va samarali ekanligini ta’kidladi.
Biroq, ekspertlarning ogohlantirishicha, Trump Card’ning amalga oshirilishi huquqiy masalalarni keltirib chiqaradi. Immigratsiya qonunchiligi yangi viza dasturlarini Kongress tomonidan tasdiqlashni talab qiladi va hozirgi tashabbus hali bunday qo‘llab-quvvatlanmagan.
Tahlilchilar, shuningdek, boy xorijliklar huquqiy barqarorligi hali tasdiqlanmagan maqom uchun millionlab pul to‘lashga tayyor bo‘lishlariga shubha qilishmoqda.
“Oltin viza”
Oltin vizalar Markaziy Osiyoda investorlarni jalb qilish uchun raqobatning yangi vositasiga aylanmoqda. Mintaqaning ikki mamlakati — O‘zbekiston va Qozog‘iston bir vaqtning o‘zida “oltin viza” deb nomlanuvchi dasturlarni joriy etib, chet el fuqarolariga investitsiya evaziga yashash guvohnomasini taklif qilmoqda.
1-iyundan boshlab O‘zbekistonda investitsion yashash guvohnomasi rasman kuchga kirdi. Chet el fuqarolari mamlakat iqtisodiyotiga kamida $250 ming sarmoya kiritish evaziga besh yillik yashash guvohnomasini olishlari mumkin. Yaqin qarindoshlar — turmush o‘rtoq, farzandlar va ota-onalar uchun bu hujjat $150 mingga tushadi. Dastlab chegarani mos ravishda $200 ming va $100 ming etib belgilash rejalashtirilgan edi, ammo keyinchalik narx oshirildi.
2025-yil yozidan boshlab Qozog‘istonda ham 10 yilgacha amal qiladigan “oltin viza” dasturi joriy etiladi. Chet ellik fuqaro bunday vizani olish uchun mahalliy kompaniyaning ustav kapitaliga kamida $300 ming miqdorida sarmoya kiritishi yoki emissiya qimmatli qog‘ozlarini xarid qilishi lozim bo‘ladi.
2019-yildan beri O‘zbekistonda 109 ta davlat fuqarolariga ko‘chmas mulk xarid qilish orqali yashash ruxsatnomasini olish dasturi amal qilmoqda.
Dastur ishga tushirilgan paytda uy-joy narxi joylashuviga qarab $100 mingdan $400 minggacha bo‘lishi kerak edi — eng yuqori narx Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun belgilangan.
2022-yilda prezident Toshkentda vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini rasmiylashtirish uchun talab qilinadigan ko‘chmas mulk narxini $300 minggacha pasaytirdi. O‘sha vaqtda chet elliklardan yashash uchun ruxsatnoma talab qilinmagan holda, hududlarda $70 mingdan, Toshkentda esa $150 mingdan yuqori qiymatga ega ko‘chmas mulklarni sotib olishlariga ruxsat berildi.
2022-yilning kuzida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (hozir — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) mamlakat iqtisodiyotiga kamida $1 mln sarmoya kiritgan chet elliklarga O‘zbekiston fuqaroligiga soddalashtirilgan qabulni joriy etishni taklif qilgan edi.
2024-yil avgust oyida “oltin pasport” masalasi yana bir bor ko‘tarilgan edi. Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Yuqorichirchiq Energy Systems kompaniyasi asoschisi Aziz Alimov mamlakat iqtisodiyotiga 10−15 mln dollar sarmoya kiritgan investorlar uchun O‘zbekiston fuqaroligini olish imkoniyatini yaratishni taklif qildi.