Kecha kechqurun taxminan soat 21:00da butun dunyo bo‘ylab ko‘plab foydalanuvchilar keng ko‘lamli internet uzilishiga duch kelishdi. Google internetdagi global uzilish sababini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu uzilish Gmail, YouTube, Spotify, Steam, Twitch, ChatGPT, Discord, Snapchat va o‘nlab video o‘yinlarga ta’sir ko‘rsatgan.

Downdetector’dagi shikoyatlarning eng yuqori nuqtasi soat 22:30ga to‘g‘ri keldi. Taxminan 22:40da qisqa muddatli tiklanishdan so‘ng muammolar yana paydo bo‘ldi va faqatgina yarim tungacha butunlay bartaraf etildi.

Cloudflare va Google tekshiruvlari natijasida aniqlanishicha, nosozlik Google Cloud infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lib, u Identity & Access Management (IAM) global xizmatining API boshqaruv tizimida kvotalarni (so‘rovlar uchun cheklovlarni) avtomatik yangilashni ishga tushirgan.

IAM foydalanuvchilar ulanishining xavfsizligini tekshirish xizmati sifatida qo‘llaniladi. Uning ma’lumotlar bazasidagi xato yangilanish tufayli so‘rovlar chegarasi oshib ketganda, IAM 503/401 xatolik kodlari bilan minglab javoblar orqali tashqi trafikni rad eta boshlagan. Bu esa Google va uning hamkorlarining barcha asosiy yirik mahsulot xizmatlarida muammolarga sabab bo‘ldi.

Muammo IT-infratuzilmasining yana bir asosiy ta’minotchisi — Cloudflare’ga ham ta’sir ko‘rsatdi. Kompaniya bu haqda o‘z blogida ma’lum qildi. Unda Cloudflare sodir bo‘lgan hodisa uchun uzr so‘radi va javobgarlikni “nomi oshkor etilmagan hamkor"ga yukladi. Joriy vaziyat va kompaniyaning oldingi e’lonlaridan kelib chiqib, bu hamkor Google Cloud ekanligi ma’lum bo‘lmoqda.

google, internet, muammo, uzilish

Gap shundaki, Cloudflare Workers KV kalitlar omborining asosiy qismi Google Cloud’da joylashgan bo‘lib, KV butun xavfsizlik xizmatlari tizimi uchun sozlamalarni saqlaydi: Access, WARP, Gateway, Turnstile va Stream.

IAM ushbu omborga tokenlar berishni to‘xtatganda, KV so‘rovlarining 90%i 500/503 xatoliklar bilan yakunlandi va Cloudflare Access orqali barcha autentifikatsiyalar rad etildi. Natijada Cloudflare’ning son-sanoqsiz mijozlarining barchasi zarar ko‘rdi.

Mavjud muammo sharoitida, Cloudflare kompaniyasi boshqa infratuzilmaga qaram bo‘lmaslik maqsadida KV tizimini o‘zining R2 xotirasiga ko‘chirishni tezlashtirishga va’da berdi. Kompaniyaning bu rejasi ancha vaqtdan beri mavjud edi.

google, internet, muammo, uzilish

Downdetector xabarlarining ko‘pligi fonida Amazon Web Services’da ham muammolar borligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Biroq AWS vakili TechCrunch’ga ularning infratuzilmasi “odatdagidek ishlayotgani va hech qanday uzilishlar kuzatilmagani"ni ma’lum qildi.

Shunga qaramay, Cloudflare bilan bog‘liq chalkashliklar tufayli kuzatuv tizimlarida AWS xizmatlaridan foydalanish imkoni yo‘qligi haqida noto‘g‘ri shikoyatlar ham paydo bo‘ldi. Amazon bu ma’lumotlarni tezda inkor etdi.