Snapchat messenjeri bilan tanilgan Snap kompaniyasi kengaytirilgan reallikdagi birinchi ko‘zoynaklari — Specs’ni chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Specs smartfonga ulanmasdan — o‘z protsessori, akkumulyatori va Snap OS operatsion tizimi tufayli ishlaydi. Qurilma 2026-yilda chiqariladi.
Ko‘zoynaklar imo-ishoralar, ovozli boshqaruv va qo‘llarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi, asosiy xususiyati esa sun’iy intellekt bilan integratsiya bo‘ladi: Snap fazoviy xaritalarni yaratish uchun OpenAI va Google, shuningdek, Niantic bilan hamkorlikni tasdiqladi.
“To‘qqiz oy oldin ishlab chiquvchilar uchun Spectacles’ni ishga tushirganimizdan beri odamlar: „Hey, ommaviy reliz qachon bo‘ladi?“ deb so‘rashmoqda”, — dedi Snapchat messenjeri va Snap Inc kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Evan Shpigel.
Kompaniya allaqachon ko‘zoynaklarni ishlab chiqishga $3 mlrddan ortiq mablag‘ sarflagan va 400 ming dasturchi mutaxassisni jalb etgan. Dastlabki namunalar keng ko‘rish maydoni, yengil vazn va qulay turishi bilan ajralib turadi.
“Kelgusi yilda chiqarilishi haqidagi e’lon ishlab chiquvchilarga o‘zlaridagi mavjud imkoniyatlarni yaratish va takomillashtirish muddatlari haqida o‘ylash uchun yetarli vaqt beradi. Shubhasiz, bu juda muhim masala”, — dedi Shpigel.
Snap Specs’ni arzon muqobil sifatida taqdim etmoqda — taxminlarga ko‘ra, uning narxi $300dan biroz yuqori bo‘lsa-da, Apple Vision Pro‘dan ancha arzonroq bo‘ladi.
Ko‘zoynak Snapchat ekotizimining bir qismiga aylanib, foydalanuvchilar o‘z AR effektlarini yaratishlari uchun Lens Studio yordamini oladi. Aniq texnik xususiyatlari va sotuvga chiqish sanasi reliz arafasida e’lon qilinadi.
Avvalroq Spot Samsung va Google birgalikda kengaytirilgan reallik ko‘zoynagini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.
Biroq kompaniyalar hozircha qurilmaning texnik tafsilotlari va taxminiy chiqish sanasi haqida ma’lumot bermagan.