Ilon Mask kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Qozog‘istonda rasman joriy etiladi. Bu haqda Forbes.kz xabar berdi.
Raqamli rivojlanish vazirligi va kompaniya o‘rtasida tegishli kelishuv imzolangan. Foydalanuvchi terminallarining sotuviga 2025-yilning uchinchi choragida start beriladi.
Shu paytgacha loyiha mamlakatda sinov tariqasida amalga oshirilayotgan edi. Uning yordamida qishloq maktablarida aloqa ta’minlandi. Keng auditoriya uchun ulanish imkoniyati mavjud emas edi. Endi esa Starlink Qozog‘iston qonunchiligiga, jumladan, axborot xavfsizligi va aloqa sohasidagi talablarga rioya etishga rozilik bildirdi.
“Bu yil ular barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar va fuqarolarimiz sun’iy yo‘ldosh orqali internetga rasmiy va qonuniy ravishda ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, — deya ta’kidladi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev.
Kelishuvda SpaceX sun’iy yo‘ldoshlaridan signal qabul qiluvchi terminallar deb ataladigan Starlink uskunalarini rasmiy sotib olish, foydalanish va ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Ilgari ular faqat cheklangan ta’lim loyihalari doirasida yetkazib berilgan.
Texnologiya, optik tolali tarmoqlarni o‘tkazish imkonsiz yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmagan qiyin va uzoq hududlar uchun yechim bo‘lishi kerak. Bu tog‘li qishloqlar, yaylovlar va alohida joylashgan korxonalarni o‘z ichiga oladi.
Sifatli aloqa xizmatidan nafaqat ushbu hududlar aholisi, balki infratuzilma obyektlari — qishloq maktablari, tibbiyot muassasalari va ko‘chma guruhlar ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Starlink — bu Yerdan taxminan 550 kilometr balandlikdagi past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali ishlaydigan global internet tizimi. Bu tizim yuqori tezlik va past kechikish bilan ishlaydi, shu tufayli foydalanuvchilarga hatto shaharlardan uzoqda ham videoaloqa, striming va boshqa onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Avvalroq O‘zbekkosmos O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh ishga tushirilgani bilan internet bepul bo‘lmasligi haqida xabar bergandi.
Hozirda O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlari guruhlarini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.