Adliya vazirligi tomonidan Xorazm viloyatiga xos bo‘lgan Tuxum barak milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Vazirlik taom o‘ziga xos tayyorlanish usuli, tarkibi va qadimiy an’analarga asoslanganligi bilan ajralib turishini qayd etdi. Tuxum barak asosan Xorazm viloyati aholisi orasida keng tarqalgan bo‘lib, ushbu hududning boy madaniy-gastronomik merosini aks ettiradi.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi bu taomni huquqiy jihatdan himoya qilish, sifat va nufuzini saqlab qolish hamda Xorazmning hududiy brendi sifatida targ‘ib qilish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonun bilan tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

2023-yilning avgust oyida G‘ijduvon shashlik geografik ko‘rsatkich sifatida vazirlik tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Joriy yil boshida uning qatoriga Samarqand noni ham qo‘shildi.