So‘nggi bir yil ichida sun’iy intellekt insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda — endi u faqat IT-sohasi uchun emas, balki oddiy foydalanuvchi uchun ham tushunarli vositaga aylanmoqda.

Biroq qiziqish ortidan xavotirlar ham oshmoqda. Pew Research so‘rovi natijalariga ko‘ra, har uch kishidan biri yaqin yillarda ishini SI egallashi mumkinligidan xavotirda. Ko‘pchilikni SI tizimlarining qanday ishlashi va shaxsiy ma’lumotlarga munosabati ham tashvishga solmoqda.

Bu kabi savollarga aniqlik kiritish maqsadida Spot AimLab sun’iy intellekt va marketing laboratoriyasi asoschisi, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassis Hikmatilla Ubaydullayev bilan suhbatlashdi. U SI nima ekanligi, texnologiya yordamida daromad qilish yo‘llari hamda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi haqida so‘zlab berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:


hikmatilla ubaydullaev, sun’iy intellekt

Hikmatilla Ubaydullaev,

AimLab sun’iy intellekt va marketing laboratoriyasi asoschisi.

2023-yil Prezident administratsiyasida ishlab yurgan paytlarim ChatGPT, Midjourney singari generativ instrumentlar paydo bo‘la boshladi. Ilk qilgan loyihamiz o‘zbek adabiyotidagi dastlabki nasriy memuar va tarixiy-ilmiy asar Boburnomani surat ko‘rinishiga keltirish bo‘ldi.

Ko‘pchiligimiz bilamizki, asarda Zahiriddin Muhammad Bobur tarixiy shaxs va joylar haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etgan. Aynan uni sun’iy intellekt yordamida jonlantirib ko‘rish ham muhim hamda qiziq jarayon bo‘lgan. O‘sha paytlarda buning uchun maxsus Telegram-kanal ochilib, 50 mingga yaqin obunachi yig‘ilgan — loyihani Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya OAVlari ham yoritgandi.

SI aslida yangi narsa emas — ikkinchi jahon urushidan beri mavjud. Uning bugungi kunda trendga aylanishiga sabab generativ instrumentlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.

Keyingi loyiha doirasida jadidlarning oq-qora siymolari sifatli hamda rangli holatga keltirildi. Bu jarayonda sun’iy intellektga jadidlarning qiyofalari alohida ma’lum algoritmlar asosida o‘rgatib chiqildi — natija yomon bo‘lmadi.

U orqali 10 dan ortiq, jumladan, Sanjar Sa’dullayev, Hojakbar Nurmatov, Hamza Umarov singari O‘zbekistondagi oltin ovozlari qayta tiklandi. Shuningdek, Afzal Rafiqov COVID-19 dan keyin ovozlarini yo‘qotib qo‘ygach, nutqlari avvalgidek jaranglamay qoldi. Ularning eski yozilgan audiolarni dataset qilib ovozlarni qayta jonlantirdik. Buning uchun SI’ning audioni audioga o‘girish usulidan foydalanilgan bo‘lib, bu jarayonda muallif bilan hamkorlikda ish olib borilgan.

Sun’iy intellekt qanday algoritm asosida ishaydi?

Sun’iy intellekt — imitatsiyaqila oladigan oddiy mahsulot. Inson nima qiladi: o‘ylaydi, ko‘radi, u ham insonga o‘xshashga harakat qilib, ma’lum algoritm asosida ishlaydi.

Bu jarayonda mashinali o‘ranish degan tushuncha mavjud bo‘lib, bu sun’iy intellektdan oldingi qadam hisoblanadi. Misol uchun, mashinali o‘rganish — talaba, sun’iy intellekt — barcha bilimlari bor o‘qituvchi. Deylik, SI’ga mushuk, kuchuklarning turi, ya’ni naslini ajratib chiqish bo‘yicha topshiriq berdik. Bu jarayonda birinchi bo‘lib ma’lumotlar bir nuqtaga jamlanadi — qancha ma’lumot ko‘p bo‘lsa, natija shuncha aniq bo‘ladi. Bu mashinali o‘rganish bosqichi hisoblanadi.

Ma’lumotlar bir joyga jamlangandan so‘ng unga: “100−200 turdagi kuchuk, mushuklarning suratini ko‘rsatib, bu qaysi tur/naslga tegishli”, — deb savol berilsa u bazadagi yig‘ilgan ma’lumot asosida natijani taqdim etadi.

Unda qanday funksiyalar mavjud?

  • Ko‘rish funksiyasi. Hozirgi kunda insonlarni yuzi bo‘yicha intensifikatsiya qilish, qoidabuzarliklarni vaqtida aniqlash uchun ko‘p kameralarga sun’iy intellekt o‘rnatilmoqda.
  • Gapirish, eshitish funksiyasi. Aslida u eshita olmaydi — audio yoki video-materiallarni matnga o‘giradi. Sintezatorlar orqali esa gapirishi mumkin.
  • O‘ylash qobiliyati. Qandaydir vazifa berilsa, u o‘ylashni boshlaydi va foydalanuvchiga qadamma-qadam natijalarni taqdim etadi.

Sun’iy intellektda har kuni, har soniyada yangi funksiyalar paydo bo‘lmoqda. Bu jarayonni doimiy monitoring qilib borish muhim ahamiyatni kasb etadi.

Kimlarni ishsiz qoldiradi?

Kundalik hayotda ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foydalanamiz — ularning algoritmlari tarkibida ham sun’iy intellekt mavjud. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqda qaysidir mavzu ko‘p qidirilsa, shu mavzuga doir reklamalar avtomatik ravishdan paydo bo‘ladi — nima xohlayotganingizga qarab, tavsiyalarini chiqarib beradi.

Yana bir misol, Alisa, Siri singari ovozli yordamchilar hamda Netfilix foydalanuvchilar qiziqishlaridan kelib chiqib tavsiyalarini beradi. Ularning algortimlari tarkibida ham sun’iy intellekt mavjud bo‘lib, uni oddiy foydalanuvchi payqamay ham qolishi mumkin.

Shuningdek, SI ishlarni olib qo‘yadi, deb qarash unchalik to‘g‘ri emas. Misol uchun, bugungi kunda u tibbiyot sohasida ham ko‘zga tashlanmoqda. Oddiygina ma’lumotlarni tashlash orqali SI’dan tashxis olish ham mumkin: lekin u tashxis qo‘ygani bilan bir vaqtning o‘zida malakali shifokordan maslahat olishni ham tavsiya qiladi.

O‘rinli savol tug‘iladi, unda u kimlarning o‘rnini egallaydi? Doimiy takrorlanadigan ishlarni qiladigan kasblar bor, misol uchun, call-markaz xodimlari o‘rnini to‘laqonli egallashi mumkin. Bugun kunda O‘zbekistonda roboqo‘ng‘roqlar, roboagentlar mavjud: avtomat ravishda ma’lumotlarni eslatib turadi. Shuningdek, biznesmenlarning assistentlari ham ishsiz qolishlari mumkin.

U avtomatizatsiya qilish mumkin bo‘lgan barcha soha vakillarini ishsiz qoldirishi mumkin. Tibbiyot, muhandis, kreativ soha vakillarining o‘rnini egallamaydi, boisi unda yangi g‘oyani generatsiya qilish imkoniyati mavjud emas — u faqat data-baza'da mavjud ma’lumotlarni o‘rganmoqda. Lekin bu ham vaqt masalasi.

Sun’iy intellekt sehrli tayoqcha emas

Bugun ko‘pchilik sun’iy intellekt dasturchilarning o‘rnini egallab olishi haqida ko‘p gapirmoqda. Dasturchilar oylab qilgan narsani, u 5 daqiqada qilib beryapti, degan gap ko‘p qulog‘imga chalinmoqda — aslida bu ham haqiqat.

Lekin dasturlash tilini bilmasangiz sun’iy intellekt qilib bergan narsani ham qilib bera olmaysiz, kamchilik qayerda ekanligini topa olmaysiz. Chunki, dasturlash tilini bilmaysiz. Bilim, dizayn bo‘yicha mustaqil fikrga ega bo‘lgan mutaxassis sun’iy intellekt orqali 10 barobarga ishini qisqartirsa bo‘ladi.

Sun’iy intellekt sehrli tayoqcha emas — istagan narsani bittada qilib bermaydi, u ham juda ko‘p vaqtni talab qiladi.

Bundan tashqari, sohaga kirmoqchi bo‘lganlar birinchi navbatda ingliz tilini o‘rganishlari kerak — ko‘p instrumentlar, darsliklar shu tilda. Shuningdek, matematik bilimlarning bo‘lishi ham muhim: algoritmlar qanday ishlashi, qanday qadamlarni bosib o‘tish kerakligini anglash uchun.

YouTube’da darsliklar mavjud — ularning katta qismi rus yoki ingliz tilida. O‘zbek tilida bu sohadagi kontent kam, shuning uchun tekin kurslarni yo‘lga qo‘yib, ma’lumotlarni ulashib borishga harakat qilyapmiz. Eng muhimi — bilim, qizish, harakat. Har bir sohaning ichiga kirib o‘rganish kerak bo‘ladi.

Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi

Yevropa mamlakatlari shaxsiy ma’lumotlarga qattiq qarashadi: qonuniy javobgarlik kuchli. U yerda biror bir shaxsning ovozini ruxsatsiz generatsiya qilinsa yirik kompaniyalar bilan ham sudlashishgacha borish mumkin. Lekin bu jarayonda advokatlar juda qimmatga tushishi, negaki bepul yordamchi sifatida yana sun’iy intellekt yordamga kelishi mumkin.

Misol uchun, Qozog‘istonda bir fuqaro sudda SI yordamida yutib chiqqandi.

O‘zbekistonda ham bu borada ishlar olib borilmoqda. Adliya vazirligi bilan Lex.uz'da LexAI degan chatbot ishga tushirdik. Bu loyihani davlat bilan to‘laqonliki tekinga ishlab chiqildi — bu orqali o‘zimizni hissamizni qo‘shishga harakat qildik. Loyiha doirasida SIga 48 mingdan ziyod qonun hujjatlari o‘rgatildi, hozirgi kunda botni 10 mingdan ziyod foydalanuvchi ishlatadi.

Shu o‘rindan SI’ni firibgarlarga qo‘l keladigan qurolga aylanib qolayotganini ham aytib o‘tish lozim — 2024-yilda sun’iy intellekt orqali 3,5 mingdan ortiq kishi firibgarlik qurboniga aylanib qolgan.

Keyingi bosqichda biz nafaqat savollarga javob berish, balki, unga asoslar ya’ni manbalarni ham aniq keltirib, shaxslar ma’lumotlarni ko‘rsatilgan manba asosida qayta tekshirishlar mumkin bo‘ladi. Yana bir funksiyasi savol mazmunidan kelib chiqib, foydalanuvchida tug‘ilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha taxminiy savollarga javoblarni oldindan keltiradi. Shu bilan birga yuridik hujjatlar, shartnomalarni tahlil qilish imkoniyatini beradigan funksiya ustida ham ishlar olib borilmoqda.