Apple Siri’ning sun’iy intellektli yangi versiyasini ishga tushirishni keyinga qoldirdi. Bu haqda Apple Insider nashri xabar berdi.
Ovozli yordamchining yangilangan versiyasi dastlab 2024-yilda, keyin esa 2025-yilda kutilgan edi. Endi Bloomberg xabar berishicha, taxminiy sana 2026-yil martiga ko‘chirildi.
Aynan o‘shanda iOS 26.4 yangilanishi chiqadi va unda yangi Siri taqdim etiladi. Apple rasman faqat “reliz kelgusi yil davomida chiqadi” deb aytayotgan bo‘lsa-da, parda ortida allaqachon jamoa qayta tashkil etilmoqda, muddatlar kechiktirilmoqda va texnologiya noldan qayta ishlab chiqilmoqda.
Joriy yilning mart oyida Apple sun’iy intellektga asoslangan algoritmlarga asoslanishi kerak bo‘lgan yangilangan Siri virtual yordamchisini ishga tushirishni keyinga qoldirishga majbur bo‘ldi.
Apple kompaniyasining dasturiy ta’minot bo‘yicha vitse-prezidenti Kreyg Federigi va xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezident Greg Joswiak (Greg Joswiak) nima uchun bunday qaror qabul qilingani haqida ma’lumot berdi.
O‘tgan yilgi WWDC konferensiyasida Apple Intelligence’ning yangi sun’iy intellekt funksiyalari e’lon qilinayotganda, Apple vakillari yangilangan Siri yordamchisining shaxsiylashtirilishi va foydalanuvchilar nomidan ilovalarda harakatlarni bajarishi mumkinligini ma’lum qilishdi.
Namoyish paytida Apple haqiqiy dasturiy ta’minotni ko‘rsatdi, biroq o‘sha vaqtda Siri “sifat jihatidan bizning talablarimizga javob bermadi,” deb aytdi Federigi.
U kompaniya sun’iy intellekt yordamchisini “juda ishonchli” qilishni maqsad qilganini qo‘shimcha qildi. “Natijada, biz mo‘ljallagan muddatlarda kerakli ishonchlilik darajasiga erisha olmadik”, deya izoh berdi Federigi.
“Biz mijozlarning hafsalasini pir qilmoqchi emasmiz. Buni hech qachon xohlamaganmiz. Ammo bizning sifat standartlarimizga javob bermaydigan, biz qabul qilib bo‘lmaydigan xatolar foiziga ega bo‘lgan mahsulotni ishlab chiqarish yanada ko‘proq umidsizlikka sabab bo‘ladi. Shuning uchun biz, nazarimizda, eng yaxshi qarorni qabul qildik. Men uni yana qabul qilgan bo‘lardim”, — dedi Josviak.
Avvalroq Spot AirPods iPhone kamerasini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida yozgandi.
Shuningdek, quloqchin egalari bosh harakati orqali ovoz balandligini sozlash va shovqinni yo‘qotish funksiyasini yoqa oladi.