Apple “Raqamli bozorlar to‘g‘risida"gi qonunni bajarmaganligi sababli navbatdagi jarimaga tortilishi mumkin, deya xabar bermoqda Bloolmberg nashri.
Yevrokomissiya kompaniyaga yangi shart qo‘ydi: Apple 26-iyungacha App Store’da uchinchi tomon havolalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlardan komissiya olishni to‘xtatishi shart.
Aks holda, kompaniya bunday turdagi barcha tranzaksiyalar uchun kuniga jahon daromadining 5%i miqdorida jarimaga tortiladi.
Hozirda ishlab chiqaruvchilarning havolalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar uchun olinadigan komissiya 15−30%ni tashkil etmoqda.
Apple vakillari Yevropa Komissiyasi talablarni bajarish uchun juda qisqa muddat belgilaganini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, talablar tobora qattiqroq bo‘lib borayotgani sababli, kompaniya o‘zining Yevropa Ittifoqi me’yorlariga qachon muvofiq bo‘la olishini aniq bilolmayapti.
Bundan tashqari, Apple komissiya olinishi kerak bo‘lgan barcha texnologik infratuzilmani bepul taqdim etish mumkin emasligini yana bir bor ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqining App Store’da uchinchi tomon havolalarini joylashtirish ruxsatini berish talabi hali-hanuz voqelikka mos kelsa-da, o‘z infratuzilmasini arzon-garovga taqdim etish talabi ochiqdan-ochiq talon-tarojga o‘xshab ketmoqda.
Avvalroq AQSh apellyatsiya sudi Apple’ning App Store’dagi o‘zgarishlarni to‘xtatib turish haqidagi iltimosini rad etgandi.
Ta’kidlanishicha, sudya materiallarni tahlil qilib, Apple’ning dalillari ijroni kechiktirish uchun yetarli emasligini ta’kidlagan.