Pekinda 2025-yilning avgust oyida gumanoid robotlar do‘koni ochiladi. Bu haqda China Daily gazetasi xabar berdi.

Do‘kon 2025-yil 8−12 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Butunjahon robotlar konferensiyasi davomida Pekindagi iqtisodiy va texnologik rivojlanishning maxsus hududi — Ichjuanda taqdim etiladi. U 2025-yil noyabr oyidan to‘liq faoliyatini boshlaydi.

Do‘kon 4S tizimi asosida ishlaydi. Bu tizim savdo, sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar yetkazib berish va texnik ko‘rikdan o‘tkazishni o‘z ichiga olgan vakolatli dilerlik markazi modelini nazarda tutadi.

Unda robotlarni real ssenariylarda sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan namoyish zonalari joylashtiriladi. Mamlakat bo‘ylab butlovchi qismlarni yetkazib berish tarmog‘ini va robotlarni yig‘ish va ta’mirlash bo‘yicha jamoani yaratish rejalashtirilgan.

Do‘kon bilan hamkorlik shartnomasini o‘nta kompaniya imzoladi, ular orasida UBTech, AgiBot, Galaxea va boshqalar bor. Ehtimol, aynan shu kompaniyalar unda taqdim etiladigan birinchi robot ishlab chiqaruvchilari bo‘lishadi.

Sun’iy intellekt va harakat boshqaruvi sohasidagi yutuqlar tufayli, global gumanoid robotlar bozori kelgusi uch yil ichida 1 trln yuandan ($139,17 mlrd) oshishi taxmin qilinmoqda.

“Ularni qo‘llash sohalari sanoat ishlab chiqarishidan tijorat xizmatlari va uy-ro‘zg‘or foydalanishigacha kengayishi kutilmoqda”, — dedi Pekin iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi boshqaruv qo‘mitasi direktori o‘rinbosari Lyan Lyan.

Loyihaga jami 100 ga yaqin firma qo‘shilishni istayotgan bo‘lib, bular robot ishlab chiqaruvchilar, ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilar va boshqa sohalar vakillaridir.

Bundan tashqari, do‘kon banklar bilan hamkorlik qiladi — xaridorlar robotni kreditga olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun, chunki uning qiymati avtomobil narxiga teng keladi.


Avvalroq Spot Teslaning Optimus odamsimon roboti endi uy-ro‘zg‘or ishlarida yordam berishi mumkinligi haqida yozgandi.

Robot berilgan ko‘rsatmalarga binoan uy yumushlarini bajaradi, kiyim dazmollaydi, polni changyutgich bilan tozalaydi, ovqatni aralashtiradi, axlatni chiqaradi va stolni tozalaydi.