Qozog‘iston mamlakatdagi ikkinchi atom elektr stansiyasini quradigan konsorsium rahbari sifatida Xitoy Milliy Yadro Korporatsiyasini (CNNC) tanlagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Atom energetikasi agentligi raisi Almasadam Satkaliyev xabar berdi.
Hukumat Xitoy bilan atom sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bosh kelishuvni imzolashni rejalashtirmoqda. Amaldor Pekin bilan hamkorlikni Ostona uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi, shuningdek, AES qurilishi uchun Xitoy texnologiyalari va tajribasiga katta qiziqish borligini aytib o‘tdi.
“Dunyo miqyosida butun atom siklini o‘z kuchi bilan amalga oshira oladigan mamlakatlar soni unchalik ko‘p emas. Shubhasiz, Xitoy barcha zarur texnologiyalarga, to‘liq sanoat va ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lgan davlatlardan biridir,” deya ta’kidladi Satkaliyev.
Atom energiyasi agentligi rahbari qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘iston Xitoy tomoni bilan muzokaralar o‘tkazadi. Uning aytishicha, Ostonada CNNC kompaniyasining ishlarni “tez va sifatli” bajarish imkoniyatlarini yaxshi tushunishadi.
Bunga qadar Qozog‘iston birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha konsorsiumga rahbarlik qilish uchun Rosatom’ni tanlab olgan edi.
Muzokaralarda jami to‘rtta jahon reaktor texnologiyalari yetkazib beruvchilari qatnashdi: “Rosatom”, CNNC, shuningdek, Fransiyaning Électricité de France va Janubiy Koreyaning Korea Hydro & Nuclear Power kompaniyalari.
Dastlabki saralashdan o‘tib, qisqa ro‘yxatga kiritilgan barcha muzokara qatnashchilari o‘ziga xos texnologiyalarga ega ekanligini Satkaliyev ta’kidladi. Shu bilan birga, u Rossiya va Xitoyning takliflarini “obyektiv nuqtai nazardan eng kuchli” deb baholadi.
Qozog‘istonda AES qurilishi
2021-yil dekabr oyida Qozog‘istonning “Rosatom” bilan AES qurilishi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Energetika vaziri Bolat Akchulakov tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida uran zaxiralarining ko‘pligi va yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarish imkoniyatining mavjudligini ta’kidladi.
O‘tgan yilning 6-oktabr kuni Qozog‘istonda AES qurish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Taklifni ovoz berganlarning 71%i qo‘llab-quvvatladi, umumiy saylovchilar soni 63,6%ni tashkil etdi.
Ovoz berishdan bir necha kun o‘tgach, Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar Qozog‘istonning atom elektr stansiyasi qurilishini xalqaro konsorsiumga topshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
“Biz biror-bir yetkazib beruvchi yoki pudratchi bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Aksincha, amaliyot ko‘rsatganidek, eng samarali ishlaydigan konsorsium tuzmoqchimiz,” — dedi amaldor.
Pudratchilarni tanlash bilan maxsus loyiha guruhi shug‘ullanadi, ular ehtimoliy siyosiy xatarlarni ham hisobga oladi. Konsorsiumda beshtadan ortiq bo‘lmagan davlat ishtirok etishi kutilmoqda, deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari. Ishlar boshlanishidan oldin texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashga kamida bir yil, loyiha-smeta hujjatlariga esa bir yarim yil vaqt ketadi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yanvar oyida AES qurilishi bo‘yicha konsorsium tuzish rejalari, shuningdek, Xitoy, Rossiya va G‘arb mamlakatlarining loyihaga qiziqishi haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, u mamlakatda yana bir nechta AES qurilishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Fevral oyida jami 4 ta variant ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘ldi: Xitoyning CNNC kompaniyasidan HPR-1000 reaktori, “Rosatom"dan VVER-1200, Janubiy Koreyaning KHNP kompaniyasidan APR-1000 va Fransiyaning EDF kompaniyasidan EPR1200.
Bundan biroz oldin hukumat yangi AES quriladigan joyni tasdiqlagan edi. Qarorga ko‘ra, u Olmaota viloyatining Jambil tumanida joylashadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya yirik AES qurishga kelishib olgani haqida yozgandi.
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin loyihaga o‘zgartirish kiritishgan bo‘lib, endi u bir katta va bir kichik atom elektr stansiyasini o‘z ichiga oladi.