Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

“Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?”, — dedi davlat rahbari.

Faoliyatidagi kamchilik va muammolarni hisobga olib, inspeksiyasini bugunning o‘zida tugatishga qaror qilindi. Ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi.

Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘lib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Endilikda Hisob palatasi qarorlar bilan berilgan mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi bilan birga, nima samara bergani, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lganini ham o‘rganadi.

Palata raisi har bir qaror ijrosi natijadorligini tahlil qilib, zaif nuqtalar, “aravasini tortmayotgan” rahbarlar va ishlamayotgan tizimlar bo‘yicha o‘z taklifini har oyda prezidentga kiritadi.

Bundan tashqari, Hisob palatasiga bir oy ichida Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portalini mamlakat bo‘ylab ishga tushirish topshirildi.

Portal orqali aholi qurilish, obodonlashtirish va infratuzilma muammolarini suratga olib va aniq manzilini ko‘rsatgan holda mobil ilova orqali yuboradi. Masalaning yechimi ham fotosurat bilan tasdiqlanadi.

Ularning qanchalik tez va sifatli hal etilishiga qarab, hokimlar faoliyati kunlik baholab boriladi. Tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘ladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.

Avvalroq prezident go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxlarini barqaror saqlab qolish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.