Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston bilan chegara qismida joylashgan Dovut ota chegara bojxona postidagi qurilish-rekonstruksiya ishlarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Boshqarmada Bojxona qo‘mitasining Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Nishanbayev va hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O.Mahmadaliyev ishtirokida postdagi qurilish-rekonstruksiya ishlari bo‘yicha injenering, pudratchi va loyihachi korxonalar mas’ullari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Birinchi bosqichda terminal qurilishi nihoyalanib, qurilishning ikkinchi bosqichi boshlanmoqda.

Uning doirasida chegara darvozalari va devorlari qurilishi bilan bir vaqtda post hududida kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda kosmetik pardozlash ishlari rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda ikkinchi bosqichni sifatli va o‘z muddatida, shuningdek, faol amalga oshirish muhokama qilindi.

Shuningdek, obyektda bajarilayotgan qurilish ishlari sifatini nazorat qilish, yuzaga kelayotgan muammolar, shu jumladan, birinchi bosqich qurilishida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Joriy yilning 1-fevralidan ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi sababli Dovut ota (Qozog‘iston tomonidan — Tajen) o‘tkazish punkti orqali fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 3 oyga to‘xtatilgandi.

May oyiga kelib mazkur punkt yana to‘rt oyga yopildi. Tajen nazorat-o‘tkazish punktida davom etayotgan ishlar sababli Qozog‘iston tomoni cheklovni 1-sentabrgacha uzaytirishni taklif qilgan. O‘zbekiston tomoni buni ma’qullagan.

2024-yilning kuzida Dovut ota chegara postida yangi bojxona terminali ochildi. Uning maydoni 6 gektarni tashkil etib, uning ishga tushirilishi natijasida 350 tagacha yuk avtomobilini joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida 2025-yilda G‘ishtko‘prik, Navoiy, Dovut-ota, Shovot va Gulbahor postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshirilishi ma’lum qilindi.

Yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan transport-logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotda transport vaziri Ilhom Mahkamov nazorat-o‘tkazish punktlari kengaytirilishini, elektron navbat va onlayn kuzatuv tizimlari joriy etilishini qayd etdi.

Avvalroq O‘zbekistonda ijaraga olingan 100 ga yaqin avtomobillar qo‘shni davlatlarga sotib yuborilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi. Bojxona qo‘mitasi fuqarolardan shaxsiy avtomobillarini ishonchnoma asosida o‘zgalar boshqaruviga berishda ogohlikka chaqirdi.