Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi keskin oshmasligi, korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek qilib qaytarish tartibi o‘tgan hafta tasdiqlangani qayd etildi.
Davlat rahbari mutasaddilarni keshbekni bir kunga bo‘lsa ham kechiktirmaslik zarurligi haqida ogohlantirdi.
“Hokimlarni ham ogohlantiraman, ushbu yangi mexanizm asosida go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shart. Buni eplay olmaganlari ishdan ketadi”,
— dedi prezident.
Shuningdek, sud qarorlari vaqtida ijro bo‘lmayotgani yuzasidan murojaatlar juda ko‘pligi qayd etildi. O‘tgan yili MIBga yuborilgan har beshta sud qaroridan bittasi ijro qilinmagani tanqid qilindi.
May oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari 1,5% ga oshdi. Oylik inflyatsiya sur’ati aprel oyiga kelib ikki barobardan ziyod tezlashdi va o‘tgan iyun oyidan beri maksimal darajaga yetdi.
2024-yil may oyida energiya tariflarining oshishi bilan bog‘liq yuqori baza ta’sirining to‘xtashi tufayli yillik inflyatsiya 8,7% gacha pasaydi.
Avvalroq tovar-xomashyo birjasi AI-80 benzini narxining yuqori chegarasini bekor qilgani haqida xabar berilgandi.