Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda Toshkent shahri va viloyat markazlarida birorta hokim bo‘sh joylarni topib, yashil hudud, odamlar toza havoga chiqib o‘tiradigan joylar, sport maydonchalari, fontanlarni ko‘paytirishni o‘ylamayotgani tanqid qilindi.
Bor sport maydonchalari va bolalar o‘yingohlari, uylar orasidagi yashil hududlar qurilish uchun berib yuborilayotganidan odamlar noroziligi aytildi.
Misol uchun, barcha ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga biriktirib berish bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin, Toshkent hokimining 5-maydagi qarori bilan 9 802 ta ko‘p qavatli uylarning faqat bino ostidagi yerlari kadastr bilan biriktirilgan.
“Maqsadi bitta — qolgan yerlarni qurilish qilish uchun tadbirkorlarga sotish! Qani topshiriq nazorati? Qani qonunning kuchi?” — dedi prezident.
Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadovga, adliya vaziri Akbar Toshqulovga O‘zbekkosmos va Kadastr agentligi bilan birgalikda qaysi hududda “yashil” hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohi boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan bo‘lsa, hammasini aniqlab, joyiga qaytarish topshirildi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga berish bo‘yicha hokimlarning qarorlarini o‘rganib, qonunga zidlarini bekor qilish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq mahallalarda yer, mol-mulk va suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmi ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. Prezident mazkur soliqlar mahalliy budjetda qoldirilayotganiga qaramay, ularni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70−80% vaqti ketishini qayd etdi.