Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini “Ba3” (“BB-”) darajasida tasdiqladi. Kredit reytingi prognozi “ijobiy” darajaga ko‘tarildi.
Qayd etilishicha, boshqaruv va institutsional bazani takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar vaqt o‘tishi bilan davlat siyosati samaradorligi va institutlar sifatini oshirishi mumkin. Agar hukumatning xususiylashtirish dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu ham iqtisodiy o‘sishga yordam berishi mumkin.
“Ushbu islohotlar yuqori moliyaviy ehtiyotkorlik bilan bir qatorda o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning barqarorligini oshirishi va mamlakatning o‘sish salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi mumkin,” — deyiladi Moody’s xabarida.
“Ba3” darajasidagi suveren kredit reytingini tasdiqlash haqida so‘z borar ekan, Moody’s O‘zbekistonning diversifikatsiyalangan iqtisodiyoti, barqaror o‘sish istiqbollari, qulay demografik vaziyat va o‘rtacha qarz yukini ta’kidladi, chunki tashqi qarzlar asosan imtiyozli shartlarda jalb qilingan.
Biroq, bu kuchli tomonlar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning pastligi va raqobatbardoshlikning yetishmasligi, institutsional tizimning zaifligi (garchi yaxshilanayotgan bo‘lsa-da) hamda o‘rtacha darajadagi siyosiy xatarlar tufayli o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda.
O‘zbekistonning milliy valyutadagi majburiyatlari bo‘yicha chegaraviy reytingi “Ba1” darajasida, xorijiy valyutadagi majburiyatlari bo‘yicha esa “Ba3” darajasida saqlanib qoldi. Milliy valyuta chegarasi va suveren reyting o‘rtasidagi farq davlatning iqtisodiyotdagi muhim rolini va siyosatning zaif prognoz qilinishini aks ettiradi, bu esa qisman mo‘tadil tashqi xatarlar bilan qoplanadi.
“Xorijiy va milliy valyuta chegaralari o‘rtasidagi ikki pog‘onali farq O‘zbekistonning nisbatan zaif monetar va fiskal tizimlarini, shuningdek, bosim sharoitida pul o‘tkazmalari va konvertatsiyaga qo‘shimcha cheklovlar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan cheklangan kapital harakati hisobini inobatga oladi”, — deya xulosa qildi Moody’s.
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida suveren kredit reytingi bo‘yicha prognozning yaxshilanishi “islohotlar dasturiga berilgan ijobiy baho” hamda “tanlangan yo‘l to‘g‘riligining tasdig‘i” ekanligini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, prognozning yaxshilanishi 2030-yilga borib O‘zbekistonning kredit reytingini ishonchli investitsion darajaga ko‘tarish bo‘yicha qo‘yilgan maqsad sari birinchi qadamdir.
“Ko‘zlangan maqsadga faqat umumiy sa’y-harakatlar bilangina, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish orqali erishish mumkinligini anglash muhim”, — deya yakunladi u.
May oyi oxirida S&P Global Ratings agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini xorijiy valyutada “BB-” darajasida tasdiqladi. Kredit reytingi prognozi birinchi marta “barqaror"dan “ijobiy"ga yaxshilandi.
Avvalroq XVJ 2025−2026-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishining 6% dan pastga sekinlashishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.