Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda xalq qabulxonalari tizimi aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher"ga aylangani tanqid qilindi. Misol uchun, o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55%i ijobiy hal etilmagan.

Murojaatlar hal bo‘lmagani uchun, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan. Eng ko‘p murojaatlar huquq-tartibot idoralari va sud, hokimliklar, ta’lim, ekologiya sohalariga to‘g‘ri keladi. Mingga yaqin murojaatlarda prezidentning shaxsiy qabuli so‘ralgan.

“Ayniqsa, Toshkent shahri va Buxoroda mansabdor shaxslar ustidan shikoyatlar ko‘payganini hokimlar qachon tahlil qilgan? Vazirlar va hokimlar murojaatlarga yechim bermasa, odamlar dodini kimga aytsin? Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak!” — dedi prezident.

Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi.

Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi.

“Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan shu yerning o‘zida hal qiladi”, — dedi davlat rahbari.

Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi. Masalalarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurs ham beriladi.

Avvalroq prezident transport vaziri va O‘zbekiston temir yo‘llari raisini tanqid qilgandi. Davlat rahbari dunyodagi geosiyosiy vaziyatda aholi va biznes bilan muloqotni kuchaytirish, ularning masalalarini tez hal qilish rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarurligini qayd etdi.