Qozog‘istonda 10 Gbit/s gacha tezlikdagi 10G (10 Gigabit) tarmog‘i sinovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Kommersant nashri xabar bermoqda.

Sinov ishga tushirish Ostona hududida amalga oshiriladi. Uni amalga oshirishda Astana Innovations’ning hamkori sifatida Xitoyning Huawei kompaniyasi ishtirok etadi.

“Huawei bilan hamkorligimiz Qozog‘istonning raqamli kelajag uchun yangi istiqbollarni ochadi. Ishonchimiz komilki, ushbu loyiha mamlakatning innovatsion texnologiyalari va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi”, — dedi Astana Innovations bosh direktori G‘izzat Amirgali.

Huawei kompaniyasining Qozog‘istondagi boshqarmasi rahbari Sun Yasyui 10G tarmog‘ini sinov tariqasida ishga tushirish mamlakat raqamli infratuzilmasiga ilg‘or yechimlarni joriy etishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Bungacha, 2025-yil aprel oyida Huawei Xitoyda China Unicom bilan hamkorlikda 10G tarmog‘ini ishga tushirgan edi. 10G tarmog‘ida haqiqiy yuklash tezligi deyarli 10 Gbit/s, jo‘natish tezligi esa 1 Gbit/s.

Kelajakda Xitoyda yana 168 ta joyda 10G tezlikdagi internet joylashtirilishi kutilmoqda. Bunday yuqori tezlikdagi tarmoqlarning keng tarqalishi natijasida resurs talab qiladigan texnologiyalar — 8K-video, bulutli platformalar, VR va AR uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda Xitoy yangi avlod tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha ham yetakchi o‘rnini saqlab qolmoqda. 2025-yil boshiga kelib, Xitoyda 4,25 million 5G baza stansiyalari mavjud bo‘lib, bu boshqa har qanday mamlakatdagidan ko‘p edi.


Avvalroq Spot Yaponiyada internet tezligi bo‘yicha yangi jahon rekordi o‘rnatilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, 19 kanalli optik tolali kabel orqali 1808 km masofaga bir soniyada 1 mln Gb ma’lumot uzatildi.

Bu tezlik bir soniyada 10 mingta 4K formatdagi film yoki 20 mingta GTA V nusxasini yuklab olish uchun yetarli hisoblanadi.