17-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo — Xitoy ikkinchi sammiti doirasida Ostona shahrida Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. 2024-yilda tovar ayirboshlash $14 mlrdga yetdi. Investitsiya loyihalari portfeli $60 mlrddan ziyodni tashkil etmoqda.

“Yashil” energetika, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida hamda logistika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

“Ipak yo‘li” jamg‘armasi bilan investitsiya platformasini kengaytirish rejalashtirilgan. Muloqotda kambag‘allikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” strategik temir yo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligini ham qayd etdilar. Ta’lim, fan, turizm va madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Yakunda yetakchilar huzurida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risida bayonnoma imzolangani e’lon qilindi.

2024-yilning noyabrida prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston Xitoy bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlaganini ma’lum qilgandi.

Joriy yilning may oyida ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, ulardan 24 tasi bilan muzokaralar yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident yil yakunigacha qolgan 9 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni topshirdi.

Avvalroq O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagani haqida xabar berilgandi. Natijada, Buyuk Britaniya bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangan 24-davlat bo‘ldi.