Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda qurilish sohasini rivohlantirish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Qayd etilishicha, yangi loyihalashtirilayotgan ko‘p qavatli binolarning xavfsizlik talablariga mosligi qayta o‘rganib chiqilgan. O‘zGASHKLITI, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, sanitariya-epidemiologiya kabi 10 ga yaqin tashkilotning ilmiy-texnik xulosalari olingan.

Yangi talabga ko‘ra, ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda. Har bir shunday loyiha bo‘yicha yig‘ma xulosalar qilinadi.

Bundan tashqari, taqdimotda baland inshootlar, yangi majmualar ko‘paygani sari ularga barqaror elektr energiyasi zarurligi ta’kidlandi. Shu bois Chilonzor tumanida 160 MVtli yangi podstansiya qurilishi rejalashtirilgan. Bu orqali hududdagi bo‘lajak loyihalar uchun qo‘shimcha quvvat yaratilib, hozirgi tarmoqlarga yuklama tushmaydi.

Shuningdek, bu tumanda 20 ming metr kub sig‘imga ega suv rezervuari barpo etilishi mo‘ljallangan. Natijada Shayxontohur, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti uzluksizligi ta’minlanadi. Kuniga qariyb 8 ming kVt/soat elektr tejaladi.

Toshkent shahri ko‘plab ishbilarmonlik tadbirlari, forum va ko‘rgazmalarga mezbonlik qilmoqda. Xalqaro anjumanlar doirasida turli uchrashuvlar ham o‘tkazilishi inobatga olinib, Central Asian Expo Uzbekistan — CAEx majmuasida muzokara zallari qurilishi ko‘zda tutilgan.

May oyida binolarni o‘rganish bo‘yicha yangi amaliyot yo‘lga qo‘yilishi, xorijiy mutaxassislar bilan zilzilaga va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli uylarni qurish bo‘yicha tajriba almashilishi, shuningdek, binolar instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etilishi ma’lum qilingandi.

Prezident elektron pasport orqali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu bo‘yicha alohida qaror loyihasi ishlab chiqilib, qurilish obyektlarida bino-inshootlarning seysmik pasporti shakllantiriladi.

Avvalroq ko‘p qavatli uylar yonidagi yashil hududlardagi qurilishlar nazorati kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi. Davlat rahbari mutasaddilarga Toshkent shahri va hududlarda boshqa maqsadlarda berib yuborilayotgan yashil hudud, sport maydonchasi hamda bolalar o‘yingohlarini aniqlab, hammasini joyiga qaytarishni topshirdi.