18-iyundan Farg‘ona viloyatidagi ayrim bojxona postlari uzluksiz tartibda ishlashni boshlaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev xabar berdi.
Xususan, Farg‘ona chegara bojxona posti hamda Shohimardonga o‘tishdagi Oq qiya bojxona punkti, shuningdek, So‘x chegara bojxona postining Chashma bojxona punkti 24 soatlik ish rejimiga o‘tadi.
“Bu Shohimardonda dam oluvchi yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratib, sutkaning istalgan vaqtida ushbu bojxona postlari orqali harakatlanish imkonini beradi”, — dedi Tangriyev.
Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yuqoridagi bojxona punktilari bilan birga, Vodil-Qadamjoy nazorat-o‘tkazish punkti ham uzluksizish tartibiga o‘tadi.
Bu chora-tadbirlar fuqarolarning harakatlanishini erkin va qulay qilish, postlarda yuzaga keladigan tirbandliklarning oldini olish maqsadida joriy etilmoqda.
24 soatlik rejimga o‘tish har yili yoz mavsumida amalga oshiriladi. O‘tgan yili bunday rejim 26-iyuldan joriy etilgan.
Avvalroq Dovut ota chegara posti rekonstruksiyasining ikkinchi bosqichi boshlangani haqida xabar berilgandi. Qurilish bo‘yicha mas’ullarga birinchi bosqich doirasida aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish topshirig‘i berildi.