Instagram yangi funksiyani sinovdan o‘tkazishni boshladi. Agar u tasdiqlansa, foydalanuvchilar repost postlarini joylashtirishlari mumkin bo‘ladi, deb yozadi TechCrunch.
Funksiyaning o‘zi yangi emas. Qayd etilishicha, kompaniya uni 2022-yilda ishlab chiqqan, biroq amalga oshirmagan.
Hozirgi kunda foydalanuvchilar kimningdir postlarini o‘z hikoyasida ulashish imkoniga ega bo‘lsada, kutilayotgan ushbu repost funksiyasi Instagram lentasida postlarni ulashish imkonini beradi.
Ba’zi foydalanuvchilar yangi imkoniyatni allaqachon ko‘rganliklarini ta’kidlamoqdalar. Biroq, barcha ham bu yangilikka ijobiy munosabatda bo‘lmadi.
Ko‘pchilik platformaning shundoq ham postlar, hikoyalar, reelslar va boshqa turdagi kontent bilan to‘lib-toshganini hisobga olib, repostlar faqatgina tartibsizlikni oshirishini ta’kidlamoqda. Ayrim foydalanuvchilarning fikricha, bu yangilik faqat chalkashliklar keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, ayrim foydalanuvchilar hozirda kontentni qayta joylash uchun aylanma yo‘llar va uchinchi tomon ilovalaridan foydalanmoqda. Shu sababli, rasmiy repost funksiyasi muqobil usullarni izlash zaruratini bartaraf etadi.
Nashrning fikricha, mualliflar har qanday holatda ham yutadi. Ular qamrovni kengaytirishi va taniqlilikni oshirishi mumkin. Shuningdek, ular pullik kontentni ko‘rish tariflarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Boshqa har qanday sinov funksiyasi kabi, Instagram repost funksiyasini barcha foydalanuvchilarga qachon taqdim etishni rejalashtirayotgani hozircha noma’lum.
Avvalroq Spot Instagram profildagi postlar tartibini o‘zgartirish funksiyasini qo‘shishi haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar endi postlarni nashr qilinish vaqtiga emas, balki o‘zlari xohlagan tartibda qo‘lda joylashtirishlari mumkin bo‘ladi.