Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbariga 2045-yilgacha amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdim etilganini ma’lum qildi. Taqdimotda 2025−2029-yillarga mo‘ljallangan rejalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Master-rejaga ko‘ra, 394 ta investitsiya loyihasining umumiy qiymati $58,4 mlrdni, ularning umumiy maydoni 5,51 ming gektarni tashkil etadi.
Umurzakov prezident dastlabki besh yillik loyihaga yo‘naltiriladigan aniq mablag‘lar, investorlar, loyiha natijasida yaratiladigan ish o‘rinlari, sanoat va xizmatlar hajmi bo‘yicha masalalarni qo‘ygani, yangi yondashuv qo‘llanilishini qayd etdi.
“Loyihani amalga oshirishdan oldin qanday sohalarda qancha ish o‘rinlari paydo bo‘lishi, nechta podstansiya qurish, qancha elektr, gaz, suv tarmoqlarini yotqizish, oqova quvvatlarini qanchaga oshirish kerakligi yilma-yil hisob-kitob qilingan”, — dedi u.
Prezident poytaxt hokimligiga yangi qurilayotgan uylarning zilzilabardoshligi va yangi investitsiya loyihalari uchun uy-joy kommunal infratuzilma obyektlarining foydalanishga tayyorligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi. Buning uchun xalqaro tajriba o‘rganilib, chet ellik mutaxassislar jalb etilgan.
2024-yilning oktabrida davlat rahbari Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi. Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri 2045-yilgacha 7,5 mln aholiga mo‘ljallangan megapolisga aylantiriladi.
Yil oxirida 2045-yilgacha bo‘lgan bosh reja tasdiqlandi. Unda poytaxtning qaysi hududlarida rekonstruksiya yoki renovatsiya ishlari rejalashtirilganligi ko‘rsatilgan.
Joriy yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkentda rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan bo‘lib, 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funksional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi.
Avvalroq yangi binolarning zilzilabardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi belgilangani haqida xabar berilgandi.