WhatsApp messenjerida reklama paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Bloomberg nashrining xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu qadam sun’iy intellektni rivojlantirishga faol sarmoya kiritayotgan Meta uchun yangi daromad manbai bo‘lishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiquvchilarning aytishicha, bir vaqtning o‘zida uchta yangi funksiya joriy etilmoqda:

  • kanallarni qo‘llab-quvvatlash va eksklyuziv yangilanishlarni olish imkonini beruvchi pullik obuna;
  • kanalning ko‘rinishini oshirish uchun mo‘ljallangan kanal targ‘iboti;
  • statusda joylashtirilgan reklama orqali yangi kompaniyalarni topish va ularning mahsulot hamda xizmatlari haqida muloqot boshlash imkoniyati.

Yangi funksiyalar “Dolzarb” sahifasida, “Holat” va “Kanallar” bo‘limlari joylashgan qismda paydo bo‘ladi. WhatsApp ishlab chiquvchilari blogidagi matbuot xabarida aytilishicha, bugungi kunda ushbu sahifadan kuniga 1,5 mlrd kishi foydalanmoqda.

Unda ta’kidlanishicha, “Holat” va “Kanallar” bo‘limlarida reklamalarni ko‘rsatish uchun faqat cheklangan ma’lumotlardan (mamlakat yoki shahar, til, kanallar haqidagi ma’lumotlar) foydalaniladi, reklama beruvchilarga telefon raqamlari uzatilmaydi.

Ishlab chiquvchilar shaxsiy xabarlar va qo‘ng‘iroqlar reklama ko‘rsatish uchun ishlatilmasligini ishonch bilan ta’kidladilar. WhatsApp’dan faqat yaqinlari bilan muloqot qilish uchun foydalanadigan kishilar hech qanday o‘zgarishlarni sezmaydilar.

WhatsApp mahsulotlari bo‘yicha vitse-prezident Elis Nyuton-Reks Meta dastlabki bosqichda obunalardan komissiya olmasligini, ammo kelajakda ushbu sotuvlardan 10% olishni rejalashtirayotganini aytdi, deb yozadi Bloomberg.


Avvalroq Spot WhatsApp’da yuklab olinadigan media sifatini tanlash funksiyasi paydo bo‘lgani haqida yozgandi.

U avtomatik yuklanadigan foto va videolar sifatini tanlash imkonini beradi. Foydalanuvchilar fayllarni standart sifatda yoki HD formatda yuklab olishlari mumkin.