Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda nasiya bozorini tahlil qilgani haqida xabar berilgandi.
Regulyator nasiya savdosi ommalashayotgani uy xo‘jaliklari iste’molini oshirgani bilan birga, yashirin qarz yuki va moliyaviy xatarlarni kuchaytirishi mumkinligini qayd etdi.
“Nasiya” so‘zining Google’dagi qidiruvlari 2021-yil oxiridan boshlab o‘sa boslagan. Ayniqsa, lotin alifbosida qidiruvlar ko‘paygani yoshlar orasida nasiya savdoga qiziqish ortayotganini ko‘rsatmoqda.
Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi bilan 307 ta chakana savdo korxonasi shartnoma tuzgan, shundan 53 tasi YTT. Korxonalarning ko‘pchiligi Farg‘ona (36,2%) va Toshkentda (23,2%) faoliyat yuritadi. 37% kompaniya maishiy texnika, 25%i boshqa tovarlar, 11%i IT-uskunalari va 8%i mebel va maishiy jihozlar savdosi bilan shug‘ullanadi.
2024-yilda bu segment tushumi 2018-yilga nisbatan 25 barobarga oshib, 201,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Nasiya savdo tashkilotlarining bank kreditlari hajmi 7 yilda 52 barobarga oshib, 1,17 trln so‘mga yetgan.
Markaziy bank nasiya iste’molchilari orasida yoshlar ustunligini qayd etdi — 63% mijozlar 35 yoshgacha bo‘lganlar. Ularning 72%i — erkaklar, 53%i ayollardir.
2024-yil holatiga ko‘ra, ikkita nasiya tashkiloti (nomlari keltirilmagan) mijozlari soni 1,9 mln kishiga yetgan. Ulardan birining foydalanuvchilari soni 1,7 mln kishiga to‘g‘ri keladi.
Eng yuqori o‘rtacha shartnoma summasi 51−65 yoshdagi erkaklarda 2 mln so‘mni, ayollarda esa 1,7 mln so‘mni tashkil etadi. 18−25 yoshdagilar orasida o‘rtacha shartnoma miqdori — 900 ming so‘m.
Hududlar kesimida eng ko‘p nasiya mijozlari Toshkent shahri va viloyati (27%), Farg‘ona hamda Samarqandga (9%) to‘g‘ri keladi. Buxoro, Navoiy, Xorazm (4%) va Sirdaryoda (3%) past.
Surxondaryo (1,6 mln so‘m) va Xorazm (1,4 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha shartnoma summasi eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Toshkent va Buxoroda esa 1,2 mln so‘m hamda Farg‘onada 1,1 mln so‘m atrofida past shakllangan.
Bundan tashqari, nasiya bo‘yicha bir kishiga to‘g‘ri keladigan eng yuqori qarzdorlik 36−50 yoshdagi aholida — 4,2 mln so‘m. 18−25 yoshdagilarda esa past — 2,9 mln so‘mni tashkil etdi.
Toshkentda bu 5,5 mln so‘mga yetgan. Bu mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (3,7 mln so‘m) deyarli 1,5 barobarga ko‘pdir.
Oxirgi ikki yilda nasiya shartnomalari soni 72 barobardan ortiqqa — 13,5 mingdan 973 mingtaga oshgan. O‘rtacha shartnoma summasi 1,2 mln so‘m atrofida barqaror saqlangan.
Shuningdek, 2024-yilda bir kishiga o‘rtacha 3 ta (2023-yilda 2 ta) shartnoma to‘g‘ri kelgan. Toshkentda bu — 4 ta, Namangan va Andijonda — 2 ta.
Nasiya iste’molchilarining yarmidan ko‘pi (52,1% yoki 971 ming nafar) da bitta shartnoma, 4,4%ida (82 ming nafar) esa 10 ta va undan ko‘p shartnoma mavjud. Yana 17,7% (330 ming nafar) mijoz 2 tadan shartnoma rasmiylashtirgan.
Markaziy bank nasiya xizmatlari bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish uchun bozorni huquqiy va moliyaviy tartibga solishning aniq mexanizmlarini joriy etish kerakligini qayd etdi.
May oyi boshida regulyator muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni boshlashi ma’lum qilingandi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov BNPL “muayyan xatarlarni” keltirib chiqarishini ta’kidladi. Banklar aholining qarz yukida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni hisobga oladi.
Avvalroq Markaziy bank so‘rovnomasi aholining aksariyati kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklarga uchrashini ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.