Markaziy bank O‘zbekistonda nasiya savdosi bozori holatini tahlil qildi.

Regulyator eng ommabop tovarlardan biri — iPhone 16 Pro Max (256 GB) ni tanlab, uning maishiy texnika do‘konlaridagi narxlari, bo‘lib to‘lash shartlari bo‘yicha narx shakllanishi va ularga qo‘shimcha ustamalarning qanday qo‘shilishi hamda telefonning bank kreditiga to‘g‘ri keladigan foiz stavkalari o‘rganildi.

Agar tovar 12 oylik to‘lov bilan nasiyaga xarid qilinsa, do‘kon va nasiya ta’minotchilariga qarab, uning umumiy qiymatiga 27,3% dan 44,3% gacha qo‘shimcha to‘lov qo‘shiladi. O‘rtacha ustama — 39,6%.

Eng yuqori qo‘shimcha to‘lov Uzum marketpleysida Uzum Nasiya bilan, eng past qo‘shimcha to‘lov esa Mediaparkda Payme nasiya bilan xarid qilinganda qayd etildi.

Tovar uchun ortiqcha to‘lov bank foiz stavkasida hisoblanganda esa, ushbu stavkalar 47,1% dan 73,8% gachani tashkil etadi. O‘rtacha stavka 66,5% ga teng.

bnpl, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, iphone 16, markaziy bank, nasiya bozori

Agar iPhone 16 bank krediti orqali sotib olinganda, ortiqcha to‘lov summasi mikrokredit va overdraft uchun 14%, mikroqarz uchun esa 23% atrofida bo‘lardi. O‘rtacha ko‘rsatkich esa 17% ni tashkil etadi.

Markaziy bank tahlil paytida ko‘rib chiqilgan do‘konlarda iPhone 16 Pro Max’ning dastlabki narxi bozordagi o‘rtacha narxga nisbatan yuqoriroq belgilanganini qayd etdi. Masalan, ushbu telefoni bozorda o‘rtacha 17 mln so‘m ($1310) atrofida sotilsa, yuqoridagi do‘konlarda uning narxi 18−23 mln so‘m oralig‘ida shakllangan.

Shuningdek, boshlang‘ich to‘lovni o‘zichiga oluvchi nasiya savdosining boshqa turi ham mavjud. Masalan, Brostore.uz do‘konida iPhone narxi 17,77 mln so‘m, dastlabki to‘lov esa 30% — 5,331 mln so‘mga teng. Oylik to‘lov miqdori 1,805 mln so‘mni, tovarning umumiy qiymati esa 26,994 mln so‘mni yoki 51,9% lik ortiqcha to‘lovni tashkil qiladi.

Idea do‘konida iPhone 16 Pro (128GB) ni ortiqcha to‘lovlarsiz 6 oyga nasiyaga xarid qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan. Telefon 21,99 mln so‘mga taklif etilib, oylik to‘lov 3,665 mln so‘mni tashkil etadi. Biroq, narx bozor narxiga (14,4 mln so‘m) nisbatan 52,4% ga yuqoriroq belgilangan.

May oyi boshida Markaziy bank muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni boshlashi haqida ma’lum qilingandi. Regulyator raisi Timur Ishmetov BNPL “muayyan xatarlarni” keltirib chiqarishini qayd etdi. Banklar aholining qarz yukida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni hisobga oladi.

Avvalroq Markaziy bank so‘rovnomasi aholining aksariyati kredit qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklarga uchrashini ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.