AQSh Mudofaa vazirligi OpenAI bilan milliy xavfsizlik sohasidagi asosiy vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan ilg‘or generativ sun’iy intellekt (SI) prototiplarini ishlab chiqish bo‘yicha $200 mlnlik shartnoma tuzdi.

Bu kompaniyaning davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha yangi tashabbusi doirasidagi birinchi shunday loyihasidir.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, OpenAI harbiy operatsiyalar uchun ham, armiyaning ichki infratuzilmasi uchun ham — kiberxavfsizlikni yaxshilashdan tortib, harbiy xizmatchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ma’muriy jarayonlarni avtomatlashtirishgacha — sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqadi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, barcha ishlanmalar sun’iy intellektdan foydalanishning ichki tamoyillariga mos keladi.

Shartnoma keng qamrovli tendensiyaning bir qismiga aylandi: Meta va Palantir kabi eng yirik texnologiya kompaniyalari AQSH harbiy tuzilmalari bilan tobora faolroq hamkorlik qilmoqda.

Xususan, OpenAI ilgari mudofaa texnologiyalari sohasidagi Anduril Industries startapi bilan dronlar va boshqa uchuvchisiz tahdidlarga qarshi sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish uchun hamkorlik o‘rnatgan edi.

OpenAI bosh direktori Sem Altmanning ta’kidlashicha, kompaniya jamiyat farovonligi uchun sun’iy intellektni yaratadi va texnologiya sohasida demokratik qadriyatlarga rioya qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shartnoma bo‘yicha ishlar asosan AQShning poytaxt mintaqasida olib boriladi va 2026-yil iyulgacha yakunlanadi. Dastlab OpenAI 2025-yilgi tadqiqot byudjetidan deyarli $2 mln oladi, qolgan mablag‘ esa loyiha amalga oshirilishi bilan ajratiladi.

Shunday qilib, OpenAI rasman mudofaa texnologiyalari sohasiga kirib, davlat sektoridagi o‘z mavqeyini kengaytirish yo‘lida qadam qo‘ymoqda va sun’iy intellekt AQSh milliy xavfsizligining ajralmas qismiga aylanadigan kelajakni shakllantirishga hissa qo‘shmoqda.