Adliya vazirligi tomonidan Andijon do‘ppisi hamda So‘qoq somsasi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Andijon do‘ppisi o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli hamda ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi.
Ushbu do‘ppi Andijon viloyatining hunarmandchilik an’analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, xalq orasida o‘ziga xos hurmat va mavqega ega.
So‘qoq somsasi esa Toshkent viloyati Parkent tumaniga qarashli So‘qoq qishlog‘iga xos bo‘lgan milliy taomdir.
Mazkur mahsulot o‘ziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan xalq orasida “mador” nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, ta’mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.
Andijon do‘ppisining geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi uning kelib chiqish manbaini, So‘qoq somsasining esa aynan So‘qoq hududiga mansubligini belgilab, ularning sifati va madaniy qiymati, tarixiy ildizlarini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.
“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonun bilan tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Bundan oldin Tuxum barak geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Bu taomni huquqiy jihatdan himoya qilish hamda Xorazmning hududiy brendi sifatida targ‘ib qilish imkonini beradi.
2023-yilning avgust oyida G‘ijduvon shashlik geografik ko‘rsatkich sifatida vazirlik tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Joriy yil boshida uning qatoriga Samarqand noni ham qo‘shildi.